O‘zbekiston | 10:48 / 23.10.2023
3822
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida yangi uyushma tashkil etildi

Yaponiyaning Kioto shahrida O‘zbekiston investitsiyaviy va turizm salohiyati taqdimot qilindi.

Foto: Dunyo AA

Mamlakat elchixonasi tomonidan Kioto shahrida Yaponiya-O‘zbekiston iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (JapanUzECO) bilan hamkorlikda biznes-seminar tashkil qilindi, deb xabar bermoqda «Dunyo».

Tadbir avvalida yangi tashkil qilingan JapanUzECO uyushmasining taqdimoti o‘tkazildi. Ushbu tashkilot Yaponiya va O‘zbekiston o‘rtasida kichik va o‘rta biznes sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, o‘zaro qo‘shma tadbirlar, biznes-forumlar uyushtirish, ikki davlat kompaniyalari o‘rtasida aloqalarni rivojlantirgan holda o‘zaro hamkorlikni kengaytirishga ko‘maklashish maqsadida tashkil etilgani ma’lum qilindi.

Biznes-seminar davomida Kyoto Plaza Hotels Co.Ltd kompaniyasi prezidenti, JapanUzECO asoschilaridan biri Yukio Shimizu so‘zga chiqib, Xorazm viloyatiga to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiya kiritilgan holda amalga oshirilishi rejalashtirilgan yangi loyiha haqida ma’lumot berdi.

O‘zbekiston elchisi Muhsinxo‘ja Abdurahmonov o‘z chiqishida yapon kompaniyalari uchun qiziqish uyg‘otadigan avtomobilsozlik, to‘qimachilik, tibbiyot, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati, axborot texnologiyalar kabi tarmoqlarga hamkorlik aloqalarini o‘rnatish imkoniyatlari bilan yaqindan tanishish maqsadida O‘zbekistonga biznes-missiya bilan kelishga taklif qildi.

Kioto prefekturasi sayyohlik kompaniyalari vakillari bilan suhbatda mamlakatga ushbu hududdan sayyohlar oqimini oshirish hamda O‘zbekiston turizm brendini keng targ‘ib qilish bo‘yicha kelishib olindi.

Mavzuga oid