Prezident budjet intizomini kuchaytirish kerakligini aytdi
Shavkat Mirziyoyevga ko‘ra, endi davlat budjetining har bir satriga aniq mas’ullar biriktiriladi. Davlat rahbari budjet mablag‘lari hisobidan to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar tuzishga yo‘l qo‘ymaslik, ochiq-oshkora tanlov va tenderlar o‘tkazish amaliyotini kengaytirish kerakligini aytdi. 2024 yilda yirik tarmoqlardagi tannarxni 15−20 foiz kamaytirish bo‘yicha dastur ishlab chiqiladi.
20 oktyabr kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida 2024 yil uchun davlat budjetining asosiy yo‘nalishlari hamda tarmoq va hududlarda amalga oshiriladigan vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Yig‘ilishda davlat budjeti daromadlarini ko‘paytirish, xarajatlarini optimallashtirish bo‘yicha har bir soha, tarmoq va hududlar kesimida mavjud zaxira va imkoniyatlar tahlil qilingan.
“Biz tahlikali zamonda yashayapmiz, raqobat kuchayib ketyapti. Bunday og‘ir paytda faqatgina o‘zimizning barqaror iqtisodiyotimizga ishonishimiz kerak. Yil yakuniga qadar budjet tushumlari prognoz ijrosi va 2024 yil uchun vazifalarni jiddiy, tanqidiy muhokama qilamiz”, degan prezident MTKT tomonidan ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirilgan videolavhada.
Davlat rahbari o‘tgan 9 oy ichida sanoat 5,7 foizga, qishloq xo‘jaligi 4,1 foizga, xizmatlar 12,1 foizga, umumiy hisobda yalpi ichki mahsulot 5,8 foizga oshganini, eksport 23,5 foizga ko‘payib, 17,7 milliard dollarga yetganini aytib o‘tdi.
“Ko‘rsatkichlarimiz yaxshi bo‘lgani bilan ayrim tarmoq va hududlardagi ishlar ahvoli meni tashvishga solmoqda. Barqaror iqtisodiy o‘sishni izchil davom ettirish uchun faqat ichki imkoniyatlarni ishga solishimiz zarur. O‘zimizga ishonishimiz kerak. Millatimizni o‘ylasak, har birimiz, har bitta vazir, har bitta hokim o‘zgarishi kerak. Shuning uchun iqtisodiy o‘sishga zarur sharoit yaratib, daromad bazasini kengaytirish hukumat va hokimlarning asosiy vazifalaridan biri bo‘ladi.
Endi davlat budjetining har bir satriga aniq mas’ullar biriktiriladi. Agar viloyat, tuman va shahar hokimi dunyoqarashini o‘zgartirib, mahalliy korxonalarning ishini rivojlantirib, mahalliy budjetga qo‘shimcha tushumni ko‘paytirmas ekan, iqtisodiyot barqaror bo‘lmaydi. Mana shuni tushunish kerak”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, birgina joriy yilning IV choragida 349 ta yirik sanoat korxonasida 2,1 trillion so‘m xarajatlarni kamaytirish ko‘zda tutilgan. Bu borada tannarxni kamaytirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi. Hukumat vakillariga kelgusi yilda ham yirik tarmoqlardagi tannarxni 15−20 foiz kamaytirish bo‘yicha dastur ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.
Hududlarning daromad bazasini kengaytirish masalasiga to‘xtalib o‘tildi. Jumladan, past quvvatda ishlayotgan korxonalarga ko‘mak berib, ularni to‘liq quvvatga chiqarish choralari belgilandi. Tadbirkorlikni rivojlantirib, soliq bazasini kengaytirish, afzalliklar berish orqali yashirin iqtisodiyotni qisqartirish muhimligi aytildi. Qishloq xo‘jaligida “katta sakrash”ga faqat ilm orqali erishish mumkinligi ta’kidlandi.
2024 yil uchun davlat budjeti loyihasida ijtimoiy sohaga katta e’tibor qaratilgan. Xususan, kelgusi yil inson kapitalini rivojlantirish uchun 102,5 trillion so‘m yo‘naltirish mo‘ljallanmoqda. Bu joriy yilga nisbatan 15 foiz ko‘p.
Masalan, dastlabki loyihada 317 ta maktab qurilishi va rekonstruksiya qilinishi rejalashtirilgan edi. Prezident bu masalaning muhimligini va joylardagi talabni inobatga olib, yana 150 ta maktab qurilishiga mablag‘ ajratishni taklif qildi.
Shuningdek, budjet intizomini kuchaytirish bo‘yicha qonunchilikka takliflar kiritish zarurligi aytildi. Bu borada budjet mablag‘lari hisobidan to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar tuzishga yo‘l qo‘ymaslik, ochiq-oshkora tanlov va tenderlar o‘tkazish amaliyotini kengaytirish qat’iy ko‘rsatib o‘tildi. Yig‘ilishda bildirilgan fikrlar asosida 2024 yil uchun budjet loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritiladi.
Avvalroq, yanvar-avgust oylarida O‘zbekiston davlat budjeti taqchilligi 39 trln so‘mga yetgani xabar qilingandi. Bu – 2022 yildagi umumiy konsolidatsiyalashgan budjet defitsitidan (35,2 trln so‘m) ham ko‘p. Hukumat prognozlarida 2023 yil yakunlari bo‘yicha 4,2 trln so‘mlik budjet profitsiti bo‘lishi kerak edi.
Mavzuga oid
19:18 / 05.11.2024
O‘zbekistonning 2025 yil uchun davlat budjeti loyihasi e’lon qilindi. Asosiy ma’lumotlar
17:50 / 30.10.2024
2025 yil uchun davlat budjeti: qaysi tashkilotga qancha pul ajratiladi?
18:15 / 17.10.2024
2025 yilda budjetdan ta’lim va sog‘liqni saqlash uchun xarajatlar 20 foizga ko‘paytiriladi
18:57 / 03.10.2024