HAMAS tomonidan G‘azo sektorida qazilgan tunnellar haqida nimalar ma’lum?
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, HAMAS tomonidan qazilgan tunnellar tarmog‘i Isroilning G‘azo sektoriga quruqlikdan kirishi paytida shahar sharoitida jangovar harakatlar olib borish imkonini deyarli yo‘qqa chiqaradi.
Falastinning HAMAS guruhi tomonidan qazilgan tunnellar Isroil armiyasi rasmiylari G‘azo sektoriga quruqlikdan kirishga qaror qilsa, ular uchun eng katta muammolardan biriga aylanadi. Tahlilchilar ogohlantirishicha, HAMAS dunyodagi eng yirik yerosti aloqa tarmoqlaridan biriga ega.
G‘azodagi tunnellar tarmog‘i ko‘lami juda katta
«G‘azoda yerostidan kesib o‘tuvchi yuzlab kilometr tunnellar ko‘lami juda katta», deydi Jon Spenser, AQShning Vest-Poyntidagi Harbiy akademiya qoshidagi Zamonaviy urushlar institutining shahar sharoitida urush olib borish bo‘yicha tadqiqotlar direktori. «Ushbu ulkan yerosti majmuasi jiddiy muammo tug‘diradi, buning uchun Isroil quruqlik qo‘shinlarida ideal yechim topilmaydi», — deb yozdi u 11 oktyabr kuni institut saytida e’lon qilingan maqolasida.
1300 ga yaqin tunnellar tarmog‘ining umumiy uzunligi taxminan 500 kilometrni tashkil etadi, ularning ba’zilari 70 metr yerostida joylashgan. Ko‘pgina tunnellarning balandligi va kengligi ikki metrdan oshmaydi. Mutaxassislarning fikricha, bu yerda 7 oktyabr kungi hujum vaqtida HAMAS tomonidan qo‘lga olingan 200 ga yaqin kishi saqlanishi mumkin.
Tunnellarda qurol va boshqa jihozlar, oziq-ovqat, suv, energiya generatorlari va yonilg‘i uchun omborlar ham mavjud. Tadqiqotchilarning fikricha, HAMAS yetakchilari ham yerostida bo‘lishi mumkin.
Isroilni zararsizlantiradigan omil
Spenser ta’kidlashicha, G‘azo tunnellari «(HAMAS) jangchilariga jangovar pozitsiyalar o‘rtasida xavfsiz va erkin harakatlanishiga imkon berish» orqali jangovar ssenariyni murakkablashtiradi va shu tariqa «Isroilni qurol, taktika, texnologiya va tashkilotchilik borasida zararsizlantiradigan omilga aylanadi».
London Qirollik kollejining urush psixologiyasi bo‘yicha mutaxassisi Maykl Martin shahar sharoitida jangovar harakatlardagi yana bir jihatga ishora qildi. Mutaxassisning fikriga ko‘ra, u «harbiy va fuqarolik nishonlarini ajrata olmaslik bilan bog‘liq xavflar bilan bir qatorda, uch o‘lchovdagi jangovar harakatlar sifatida tavsiflanishi mumkin».
Aslida shahar - «armiya duch kelishi mumkin bo‘lgan eng qiyin yer», deb ta’kidlaydi britaniyalik mutaxassis.
Tunnellarni topish oson emas
Qayd etilgan yerosti tunnellari dastlab G‘azo sektori va Misr o‘rtasida, keyinroq G‘azo sektori bilan Isroil o‘rtasida tovarlar olib o‘tish uchun ishlatilgan. Vaqt o‘tishi bilan Isroilning G‘azo sektorini dronlar va boshqa elektron josuslik uskunalari orqali kuzatuvi kuchaygani sababli, HAMAS tunnellar tarmog‘ini kengaytirish uchun ishchi kuchi va puldan foydalana boshladi.
Faqat 2014 yilda G‘azo sektoridagi harbiy operatsiya vaqtida Isroil armiyasi HAMAS tomonidan qazilgan tunnellarning haqiqiy hajmini aniqladi. Shundan so‘ng Isroil hukumati G‘azo sektori bilan chegarada yerostigacha cho‘zilgan to‘siqlar o‘rnatishni boshladi.
Tunnellarni topish oson emas, ular turli binolar ostida joylashgan bo‘lishi mumkin. Buni amalga oshirishning turli usullari mavjud, jumladan - termal, akustik va magnit maydoni xususiyatlarini o‘lchaydigan radar va boshqa aniqlash vositalari.
Ko‘pincha tunnellar smartfon signali to‘satdan g‘oyib bo‘lgan HAMAS jangchisini kuzatish paytida yoki patrul paytida askarlar tomonidan topiladi, deb xabar bergan Amerikaning RAND tahlil markazi 2017 yilda.
G‘azo dunyoda odamlar eng zich joylashgan hududlardan biri
O‘tmishda tunnellarni tozalash uchun ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz yoki kimyoviy moddalar ishlatilgan, deb tushuntiradi bu sohadagi dunyodagi yetakchi mutaxassislardan biri Dafne Richmond-Barak o‘zining «Yerosti urushi» kitobida. Ammo bugungi kunda bu noqonuniy hisoblanadi, deb tushuntirdi u.
Tunnellar bombardimon qilinishi mumkin, Isroil yerostida qo‘llanishi mumkin bo‘lgan bunker bombalariga ega. Biroq, uzunligi 40 km, eni 6-14 km bo‘lgan, 2,2 million aholiga ega G‘azo sektori dunyoda odamlar eng zich joylashgan hududlardan biri hisoblanadi.
Shu tariqa, agar Isroil harbiylari tunnellar qayerda ekanligini aniq bilsa ham, yerdagi vaziyat bunday portlashlarni juda qiyin, hatto imkonsiz qiladi, deydi RAND tadqiqotchilari.
Bundan tashqari, tunnellarda jang qilish juda qiyin: yerostida qorong‘i va ancha sovuq, otishma tovushlari kuchayadi, quroldan foydalanish esa chang ko‘taradi. Tunnellarni osongina minalab qo‘yish mumkin.
Mavzuga oid
17:46 / 10.11.2024
Qatar Isroil va Hamas o‘rtasidagi vositachilikni to‘xtatdi
11:31 / 22.10.2024
Dramaga aylangan o‘lim: Isroil Sinvar jasadini tiriklarga almashmoqchi
17:40 / 21.10.2024
Isroilning suiqasdidan omon qolgan Xolid Mash’al. Hamasning yangi lideri kim?
20:27 / 20.10.2024