Jahon | 11:42 / 27.10.2023
4792
2 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘izistonda «chet el agentlari» to‘g‘risidagi qonun birinchi o‘qishda qabul qilindi

Qirg‘iziston parlamenti a’zolari qonun loyihasini hech qanday muhokamasiz qabul qildi. Unda chet el ta’siri ostidagi nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatida ishtirok etganlik uchun o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish ko‘zda tutilgan.

Foto: president.kg

Qirg‘iziston parlamenti Jogorku Kenesh deputatlari «chet el agentlari» to‘g‘risidagi qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi. Hujjatni yoqlab 52 deputat ovoz berdi, 7 nafari qarshi chiqdi. Kloop xabar berishicha, deputatlar qonun loyihasini hech qanday muhokamasiz qabul qilgan. Qabul qilingan qonun loyihasida chet el ta’siri ostidagi notijorat tashkilotlar (NNT) faoliyatida ishtirok etganlik uchun o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.

Parlament qarori munosabati bilan Qirg‘iziston ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyati vakillari Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar, Buyuk Britaniya, AQSh, Shveytsariya elchixonalariga murojaat qildi. «Xalqaro va qirg‘izistonlik inson huquqlari tashkilotlari, huquqshunoslar va media ekspertlarining fikriga ko‘ra, bu kamsituvchi, jazolovchi qonun loyihasi bo‘lib, ko‘p sonli notijorat tashkilotlari, mustaqil ommaviy axborot vositalarining yopilishiga, erkin jurnalistlar, blogerlar va ijtimoiy tarmoqlarning oddiy foydalanuvchilariga nisbatan repressiyaga olib keladi. Qonun loyihasi mamlakatda demokratik makonning sezilarli darajada torayishiga sabab bo‘ladi, bu Qirg‘iziston o‘z zimmasiga olgan bir qator xalqaro majburiyatlarga ziddir», — deyiladi murojaatda. 

Agar qonun qabul qilinsa, Qirg‘izistondagi «chet el agentlari» «chet el vakillari» deb nomlanadi. Ular Rossiyadagi «chet el agentlari» ro‘yxati mezonlari bo‘yicha tegishli reyestrga kiritiladi: xorijiy moliyalashtirish va siyosiy faoliyat uchun. Rasmiylar «siyosiy faoliyat» nimani nazarda tutishini aniqlashtirmadi.

Mavzuga oid