O‘zbekiston | 11:48 / 31.10.2023
35589
3 daqiqa o‘qiladi

Samarqand viloyati SSBga yangi rahbar tayinlandi

Sobiq boshliq Davronbek Jumaniyozov qamoqqa olingan.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Sog‘liqni saqlash vazirligining tegishli buyrug‘i bilan Suxrob Sobirovich Zayniyev Samarqand viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi. Bu haqda SSV matbuot xizmati xabar bermoqda.

Suxrob Zayniyev 2003 yilda Samarqand davlat tibbiyot institutining bakalavriat, 2006 yilda magistratura, 2010 yilda aspirantura bosqichlarini tamomlagan.

Mehnat faoliyati davomida mazkur oliy o‘quv yurtining pediatriya fakulteti dekani o‘rinbosari, stomatologiya fakulteti dekani, Samarqand davlat tibbiyot instituti 2-klinikasi bosh shifokori o‘rinbosari kabi qator mas’ul lavozimlarda ishlagan.

Tibbiyot fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga ega S.Zayniyev tayinlovga qadar Samarqand viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari sifatida mehnat qilib kelayotgandi.

Shuningdek, Doniyor Alisherovich Asadov Samarqand viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘ining tibbiy yordamni tashkillashtirish bo‘yicha birinchi o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.

Doniyor Asadov 2012 yilda Toshkent tibbiyot akademiyasini tamomlagan. 2012–2014 yillarda Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutining klinik ordinatura bosqichida tahsil olgan.

Shundan so‘ng tayinlovgacha bo‘lgan davrda Respublika perinatal markazida umumiy bo‘lim shifokor akusher-ginekologi sifatida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan edi.

Vazir Amrillo Inoyatov yangi rahbarlar oldiga Samarqandda tibbiyotni yanada rivojlantirish, viloyatning o‘zida eng murakkab va noyob jarrohlik amaliyotlarini yo‘lga qo‘yish, malakali tibbiy xizmatni chekka va olis hududlardagi xonadonlargacha olib kirish bilan bog‘liq ustuvor vazifalarni belgilab berdi.

  • Samarqand viloyati SSBga 2018 yil sentabridan buyon Davronbek Jumaniyozov rahbarlik qilib kelgandi. 2021 yil dekabrida u 80 ming dollar pora bilan qo‘lga tushgani haqidagi xabarlar tarqalganida bu xabarni tarqatgan blogerni sudga bergandi.
  • 2023 yil sentabrida esa Jumaniyozov «Dok-1 Maks» ishi doirasida qo‘lga olingani va jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani ma’lum bo‘ldi. Sud jarayonida Samarqand viloyati Bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi bosh shifokori M.Azizov uni siropning zaharli ekani haqida ogohlantirgani, ammo SSB boshlig‘i bunga javoban hech qanday chora ko‘rmagani ma’lum bo‘lgandi.

Mavzuga oid