Jahon | 10:31 / 01.11.2023
12886
3 daqiqa o‘qiladi

Qodirov tartibsizliklar qatnashchilariga eng qattiq choralar ko‘rilishini aytdi

Checheniston rahbari Ramzan Qodirov uning mintaqasida «ruxsat berilmagan tartibsizliklar»ning ehtimoliy ishtirokchilariga nisbatan eng qattiq choralar ko‘rilishini aytdi.

Foto: AP

Dog‘istondagi tartibsizliklar fonida Checheniston rahbari Ramzan Qodirov xavfsizlik kuchlariga ehtimoliy tartibsizliklar ishtirokchilariga qarshi o‘ta qattiq choralar ko‘rishni, jumladan o‘qotar qurollardan foydalanishni buyurdi. «Agar bizda ruxsat etilmagan tartibsizliklarga bitta bo‘lsa ham odam chiqsa, uni qo‘lga olish va qamash kerak. Yoki havoga uch marta ogohlantiruvchi o‘q uzing va shundan so‘ng qonunga rioya qilmasa, peshonasiga to‘rtinchi marta o‘q oting», dedi u 31 oktyabr, seshanba kuni Dog‘iston Respublikasi bilan chegaradosh mintaqa hukumatidagi yig‘ilishda. 

Shu bilan birga, Qodirov gap «uning buyrug‘i» haqida ketayotganini ta’kidladi, deb yozadi RIA «Novosti». Mahachqal’adagi tartibsizliklardan so‘ng, Checheniston rahbari o‘z mintaqasida ommaviy norozilik namoyishlarining oldini olish va «bunday provokatsiyani» to‘xtatish zarurligini e’lon qildi. 

Dog‘istondagi g‘alayonlar

29 oktyabr kuni Dog‘istonda g‘alayonlar yuz berdi. Kunning ikkinchi yarmida Xasavyurt shahrida «Flamingo» mehmonxonasida «Isroildan kelgan qochqinlar» mehmonxonaga joylashtirilgani haqidagi xabarlar tufayli olomon to‘plandi. Yig‘ilganlar mehmonxonada yahudiylar yo‘qligini isbotlashni talab qilib, mehmonxona tomon tosh otgan. O‘sha kuni kechqurun Tel-Avivdan Red Wings aviakompaniyasining muntazam reysi kelishidan oldin bir necha yuzlab mahalliy aholi Mahachqal’a aeroportiga bostirib kirdi. Ular aeroportni egallab oldi va yahudiylarni qidirish uchun har bir xonaga kirib chiqqan. Tartibsizliklar qatnashchilari eshiklarni buzib, mashinalar chiqishini to‘sib qo‘ygan, u yerdagi odamlarning pasportlarini majburan tekshirgan, avtobuslarga hujum qilib, samolyotga kirishga uringan.

Ichki ishlar vazirligining Shimoliy Kavkaz federal okrugi bo‘yicha boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, Dog‘istondagi voqealardan so‘ng 83 kishi qo‘lga olingan, ommaviy tartibsizliklar bo‘yicha jinoiy ish ochilgan. Rossiya prezidenti Vladimir Putin Dog‘istondagi tartibsizliklar ortida Kiyev va g‘arb tuzilmalari turganini taxmin qildi. Oq uy ayblovlarni «klassik ruscha ritorika» va «absurd» deb atadi. 

 

Mavzuga oid