O‘zbekiston | 21:43 / 02.11.2023
9620
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan kompaniya AQSh sanksiyalari ro‘yxatiga kiritildi

Ushbu kompaniya Ukrainadagi urushda Rossiya armiyasini qo‘llab-quvvatlagani aytilmoqda.

Foto: iStock

AQSh Savdo departamentining Sanoat va xavfsizlik byurosi (SXB) uchuvchisiz uchish apparatlari sotib olish, ishlab chiqarish va yetkazish orqali Rossiya armiyasini Ukrainadagi urushda qo‘llab-quvvatlagani uchun 13 ta tadbirkorlik sub’yektini maxsus nazorat ro‘yxatiga qo‘shdi (.pdf).

Qoidaga ko‘ra, Departament ushbu sub’yektlarga nisbatan eng jiddiy eksport cheklovlarini qo‘llaydi, ular uchun AQSh texnologiyalari va tovarlari bozorini yopadi.

Qayd qilinishicha (.pdf), 13 ta sub’yektdan 12 tasi Rossiyada, 1 tasi O‘zbekistonda joylashgan.

Ma’lumotlarga qaraganda, maxsus nazorat ro‘yxatiga O‘zbekistonning Mvizion MChJ kompaniyasi kiritilgan. U 2022 yil iyun oyida davlat ro‘yxatidan o‘tgan. Faoliyat turi sifatida elektron va telekommunikatsion uskunalar va ularning ehtiyot qismlari ulgurji savdosi bilan shug‘ullanishi ko‘rsatilgan. Ustav jamg‘armasi 1 mln so‘m miqdorida belgilangan.

«Bizning missiyamiz to‘g‘risida aniq tasavvurni saqlab qolish juda muhim. Biz Putinning Ukraina xalqiga qarshi urush olib borish imkoniyatini zaiflashtirishimiz lozim», dedi AQSh savdo vaziri o‘rinbosari Alan Esteves. «Bugungi cheklovlar AQSh texnologiyalari dushmanlarimiz tomonidan o‘z maqsadiga yetishi uchun qo‘llanmasligi kerakligini anglatadi».

Mavzuga oid