O‘zbekiston | 13:04 / 03.11.2023
16137
5 daqiqa o‘qiladi

Mirziyoyev turkiy davlatlar aloqalarini kengaytirishga qaratilgan 6 taklif bildirdi

Global logistika zanjirlari va transport yo‘laklarini rivojlantirish va diversifikatsiya qilish, yagona tranzit tarmog‘ini shakllantirish masalalari dolzarb ahamiyatga egaligi ta’kidlanib, mintaqa davlatlari temiryo‘l idoralari kengashini ta’sis etish va bu tuzilma direksiyasini O‘zbekistonda joylashtirish taklif etildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiy davlatlar tashkiloti sammitidagi nutqida sammitga a’zo davlatlar aloqalarini kengaytirishga qaratilgan takliflarini ilgari surdi.

«Turkiy davr» shiori ostida o‘tayotgan bugungi sammitimizda ko‘p tomonlama va uzoq muddatli aloqalarimizni yanada kengaytirishga qaratilgan quyidagi takliflarni ilgari surmoqchiman.

Birinchidan, tashkilot doirasida o‘zaro hurmat, ishonch va ochiqlik tamoyillarini mustahkamlash, birgalikda turli to‘siqlarni samarali yengib o‘tish bosh maqsadimizdir.

Shu munosabat bilan Turkiy xalqlar birdamligini, ularning buyuk o‘tmishi va boy madaniyatini, azaliy qadriyatlarini ifoda etadigan «Turkiy dunyo xartiyasi»ni ishlab chiqish zarur, deb hisoblayman. Ushbu o‘ziga xos ramziy qomusni sohaning yetuk olimlari va ekspertlar ishtirokida tayyorlashni taklif qilaman.

Ikkinchidan, shu kunlarda Turkiy investitsiya fondi o‘z ishini boshlaydi. Davlatlarimiz o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini kuchaytirish va yirik sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirish maqsadida keyingi bosqichda Turkiy taraqqiyot bankini tashkil etish ishlarini ham faollashtirishimiz kerak. Ushbu moliya muassasasini Toshkent shahrida joylashtirishga tayyormiz.

Uchinchidan, Turkiy davlatlar savdo hamkorligi tadqiqot markazini tashkil etish bo‘yicha boshlangan amaliy ishlarni to‘liq ma’qullaymiz. Kelgusida Markaz imkoniyatlaridan unumli foydalangan holda, birgalikda savdo to‘siqlarini bartaraf etish, eksport-import hajmini ko‘paytirish bo‘yicha yangi mexanizmlarni keng joriy qilish, elektron savdo platformalarini rivojlantirishga qaratilgan aniq chora-tadbirlarni amalga oshirishimiz zarur.

To‘rtinchidan, global logistika zanjirlari va transport yo‘laklarini rivojlantirish va diversifikatsiya qilish, yagona tranzit tarmog‘ini shakllantirish masalalari dolzarb ahamiyatga ega.

Yuk tashuvlariga o‘sib borayotgan talabni qondirish maqsadida O‘rta koridor salohiyatini kengaytirish choralarini qo‘llab-quvvatlaymiz. Shuningdek, qo‘shimcha ko‘ptarmoqli yo‘nalishlarni, jumladan, Xitoy, Janubiy Osiyo va Yevropa bozorlariga mamlakatlarimiz orqali o‘tadigan koridorlarni rivojlantirish hamda transport xizmatlarini raqamlashtirish tarafdorimiz.

Davlatlarimiz Temir yo‘l idoralari kengashini ta’sis etishni va bu tuzilmaning direksiyasini yurtimizda joylashtirishni taklif etamiz.

Beshinchidan, ekologiya sohasida keng qamrovli hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdormiz.

Qadimdan ajdodlarimiz ona tabiat bilan uyg‘un va hamohang bo‘lib yashaganlar. Afsuski, bugungi kunda tabiatga nisbatan iste’molchilik kayfiyati kuchayib bormoqda. Iqlim o‘zgarishlari tufayli yuzaga kelayotgan turli muammolardan butun insoniyat qattiq aziyat chekmoqda. Bunday holat barchamizdan kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlarni amalga oshirishni talab qilmoqda.

Vazirlar darajasida doimiy faoliyat ko‘rsatadigan Turkiy ekologiya forumining tuzilishi bu yo‘lda muhim qadam bo‘lishi shubhasiz. Bunday ta’sirchan mexanizm tashkilotimiz faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan rejalarimizga mosdir.

Oltinchidan, turkiy sivilizatsiyani yuksaltirish g‘oyasi texnologik taraqqiyot va ilg‘or bilimlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bilan bevosita bog‘liqdir.

Ijodiy fikrlaydigan, iste’dodli va shijoatli yoshlarimiz istiqbolda turkiy dunyoning yangi Renessansini barpo etishiga ishonchim komil. Bu yo‘lda ularga buyuk ajdodlarimiz yaratgan ilmiy kashfiyotlar va ma’naviy meros mustahkam zamin bo‘lib xizmat qiladi.

Ta’kidlash o‘rinliki, o‘tgan asrda yashagan jadid bobolarimizning ibratli faoliyati, ilmiy-ijodiy merosini chuqur o‘rganish yuzasidan a’zo mamlakatlarda katta ishlar amalga oshirilmoqda.

Ana shu ishlarni yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida joriy yilning dekabr oyida yurtimizda bo‘lib o‘tadigan «Jadidlar: milliy o‘zlik, istiqlol va davlatchilik g‘oyalari» mavzusidagi xalqaro anjumanda vakillaringizni faol ishtirok etishga taklif etamiz.

Shu bilan birga, yangilikka intilib yashaydigan, tashabbuskor o‘g‘il-qizlarni rag‘batlantirish uchun O‘zbekistonda Turkiy dunyo kreativ yoshlari markazini ochishni maqsadga muvofiq, deb hisoblayman», dedi O‘zbekiston prezidenti.

Mavzuga oid