O‘zbekiston | 15:06 / 07.11.2023
54905
4 daqiqa o‘qiladi

“50 ta shartnomani olib, uni xalqqa bermasligingiz to‘g‘rimi?”

“Yangi O‘zbekiston”da avtomobillar yana eski usulda sotilishi boshlangan ko‘rinadi. Avtosalonlardan birida 50 ta mashina uchun shartnomalar bir kishining nomiga rasmiylashtirilgan bo‘lishi mumkin.

UzAuto Motors 3 noyabr kuni Chevrolet Cobalt, Captiva, Damas va Labo modellari uchun shartnoma berish boshlanganini e’lon qilgandi. Buning ortidan avtosalonlarda katta navbatlar, tiqilinch va janjallar yuzaga keldi. Bu gal onlayn platformalar orqali ham shartnoma olish mumkinligi e’lon qilingan bo‘lsa ham, bu platformalardan hech biri tayinli ishlagani yo‘q. Internetda tarqalgan videolarga ko‘ra, ayrim dilerlik markazlarida xaridorlar eshik va derazalarni sindirib ichkariga kirgan. Bu safar ham bozordagi narxlardan kamida 2-3 ming dollar arzoniga avtomobil olishga umid qilgan xaridorlarning katta qismi chuchvarani xom sanagani ma’lum bo‘ldi. Monopol kompaniya kontraktatsiyani ochganidan 7 soat o‘tar-o‘tmas, yana uni noma’lum muddatga yopdi. UzAuto Motors bu safar qancha shartnoma tuzilgani haqida ma’lumot berib ham o‘tirmadi. 

“Shapka” tizimi qaytdimi?

Yangi O‘zbekiston”da avtomobillar yana eski usulda sotilishi boshlangan ko‘rinadi. Avtosalonlardan birida 50 ta mashina uchun shartnomalar bir kishining nomiga rasmiylashtirilayotgani aytilmoqda. Tarqalayotgan videolarda salon eshigi xaridorlar uchun yopib qo‘yilgani, ichkarida esa xodimligi aytilayotgan shaxs reklama bannerlari bilan o‘ralgan hududda mashinalar uchun shartnomalarni rasmiylashtirayotganini ko‘rish mumkin. Kun.uz’dagi ma’lumotlarga ko‘ra, ayrim dilerlar mashinalar modeli va konfiguratsiyasiga qarab 400 dollardan boshlab “shapka” olayotgan bo‘lishi mumkin.

Chorak asrki “milliy g‘ururimiz”, “milliy brendimiz” degan nom ostida xalqning “qonini ichib” kelgan avtosanoatni iste’molchilar eshiklarini taqillatib, “arzon va sifatli mashinalar bor, iltimos, olinglar” deydigan darajaga olib chiqa olmadik. Yillar davomida “milliy brendimiz”ni saqlab turish uchun adog‘i yo‘q subsidiyalar, sanoqsiz imtiyozlar bugungi kunga kelib o‘z “mevasi”ni berayotganiga guvoh bo‘lib turibmiz.

Prezident “O‘zavtosanoat” oldiga 2022 yilning 1 mayiga qadar avtosalonlardagi navbatlarni tugatish vazifasini qo‘ygan edi. Oradan bir yarim yil o‘tib, avtosanoatchilar o‘zlariga xos bo‘lgan “innovatsion” yo‘l bilan navbatni yo‘q qilib yuborishdi: hech kim to‘lov ham qilolmaydi, yangi mashina ham sotib ololmaydi. Shartnoma bo‘lmaganidan keyin, navbatlar ham bo‘lmaydi.

O‘zbekistondagi avtomobilsozlik sanoatining monopolistik holati yuqori darajada ekanligi hech kimga sir emas. Umuman olganda, monopoliya sohani qutqarmaydi, aksincha, sekin va ohista shaklda o‘ldirib boradi. Chunki butun bir jamiyatni tanlashdan mahrum qilib, monopol hukmronlik qilayotgan soha rivojlanishi, global miqyosda raqobatbardosh bo‘lishi mumkin emas. Bozor iqtisodiyotining eng asosiy qonuniyati bu – raqobatning rivojlanishidir. Raqobat bo‘lmagan tizimdan, birinchi navbatda, quyi va o‘rta qatlam jabr ko‘raveradi. Tanlovsizlik ko‘lami esa yildan yilga ortib bormoqda.

Mavzuga oid