Jahon | 22:42 / 07.11.2023
6676
2 daqiqa o‘qiladi

Portugaliya bosh vaziri korrupsiya mojarosi tufayli iste’foga chiqdi

U litiy va «yashil vodorod» loyihalari bilan bog‘liq jinoyatlarda gumonlanmoqda. 

Foto: Getty Images

Portugaliya bosh vaziri Antoniu Koshta korrupsiyada gumon qilinayotgani ma’lum bo‘lgach, 7 noyabr kuni iste’foga chiqdi, deb xabar berdi Interfax mamlakatning RTP kanaliga tayanib. 

«Men janob prezidentga (bosh vazirlik lavozimidan iste’foga chiqish to‘g‘risida) ariza berdim», dedi Koshta Portugaliya televideniyesidagi chiqishida. 

Koshtaning qayd etishicha, u tergov bilan hamkorlik qilishga tayyor va gumonlanuvchilar orasida ekanligini bilgach, hayratda qolgan. U hech qanday noqonuniy xatti-harakat qilmaganini aytdi. 

7 noyabr kuni Portugaliya bosh prokuraturasi litiy va «yashil vodorod» loyihalarini tekshirayotganini va Koshta bu ishda gumonlanuvchi ekanini ma’lum qildi. Ishga aloqador besh kishi allaqachon hibsga olingan, ular orasida bosh vazirning do‘sti va maslahatchisi Diogo Laserda Mashada, shuningdek, uning idorasi rahbari Vitor Eshkariya ham bor. 

RTP kanalining tushuntirishicha, bu «faol va passiv korrupsiya, hokimiyat va ta’sirni suiiste’mol qilish»ga aloqador jinoyatlar bilan bog‘liq. Ish mamlakat Oliy sudida ko‘rib chiqiladi. 

Mavzuga oid