Rossiya harbiylari Gurjiston fuqarosini otib o‘ldirdi
Gurjiston bosh vaziri Garibashvili xalqaro hamjamiyatni «dahshatli voqea»ga reaksiya bildirishga chaqirdi. Mahalliy matbuotning yozishicha, yana bir Gurjiston fuqarosi yaralangan va u Tsxinvali tergov izolyatorida bo‘lishi mumkin.
6 noyabr, dushanba kuni rossiyalik harbiylar Gurjistonda mahalliy aholiga qarata o‘q uzdi. Hodisa Gori munitsipalitetiga qarashli Kirbali qishlog‘i yaqinida, Tbilisidan bir yarim soatcha masofada, Gurjiston va o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Janubiy Osetiyani ajratuvchi chiziq yaqinida sodir bo‘lgan. Oqibatda bir Gurjiston fuqarosi halok bo‘ldi, deb xabar berdi Gurjiston Davlat xavfsizlik xizmati.
Gurjiston Davlat xavfsizlik xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, hodisa «mahalliy fuqaroni noqonuniy hibsga olishga urinish paytida» sodir bo‘lgan, «boshqa shaxs esa noqonuniy qo‘lga olingan». Razvedka xizmatining Facebook-sahifasida e’lon qilingan bayonotda ta’kidlanganidek, «markaziy hukumatda mavjud bo‘lgan barcha vositalardan foydalangan holda faol muloqot olib borilmoqda».
OAV ma’lumotlariga ko‘ra, marhum - 58 yoshli Tamaz Ginturi, qo‘lga olingan shaxs - 35 yoshli Levan Dodiashvili, u yaralangan bo‘lishi va hozirda o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Janubiy Osetiya poytaxti Tsxinvalidagi tergov izolyatorida saqlanayotgan bo‘lishi mumkin. Gurjistonning «Novosti - Gruziya» internet nashri OAV xabarlariga tayanib, yana ikki mahalliy aholi bedarak yo‘qolganini yozmoqda.
Gurjiston rasmiylari bayonoti
Gurjiston bosh vaziri Irakliy Garibashvili voqeani «dahshatli hodisa» deb atadi va marhumning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirdi. «Biz xalqaro hamjamiyatni hodisaga baho berishga va unga reaksiya bildirishga chaqiramiz», — dedi Gurjiston hukumati rahbari.
O‘z navbatida, Gurjiston prezidenti Salome Zurabishvili xalqaro hamjamiyatni «Rossiyaning barcha xalqaro me’yorlarni ochiqdan-ochiq va uyatsiz buzayotgan harakatlarini so‘zsiz qoralashga» chaqirdi. «Gurjiston davlatchiligiga ochiqdan-ochiq tajovuz «bir e’tiqodli birodar»ning asl mohiyatini yana bir bor ochib beradi», deb yozdi Zurabishvili X (sobiq Twitter) ijtimoiy tarmog‘ida.
Mahalliy aholi yopib qo‘yilgan cherkovga yashirincha kirishga harakat qilgan bo‘lishi mumkin
Rossiya harbiylarining o‘t ochishiga sabab mahalliy aholining Gurjiston va o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Janubiy Osetiya o‘rtasidagi ajratuvchi chiziqqa yaqinlashishi yoki uni kesib o‘tishi bo‘lgan bo‘lishi mumkin. «Novosti-Gruziya» Gurjistonning «Kuch birlikda» harakati yetakchisi Davida Katsaravaga tayanib yozishicha, voqea Kirbali qishlog‘i yaqinida joylashgan Lomisa cherkovida sodir bo‘lgan. Ushbu ma’lumotlarga ko‘ra, rus harbiylari binoga yaqinlashishni taqiqlab qo‘ygan va uni yopib tashlagan, ammo mahalliy aholi ba’zan u yerga ibodat qilish uchun borgan.
Rossiya-Gurjiston mojarosi
2008 yil 8 avgustga o‘tar kechasi Gurjiston harbiylari Tsxinvaliga kirgan, ammo keyingi bir necha kun ichida deyarli Tbilisigacha yetib borgan rus armiyasi uni u yerdan chiqarib yubordi. Besh kunlik janglar natijasida rus qo‘shinlari Tbilisi nazorati ostida bo‘lmagan Janubiy Osetiya hududidan Gurjiston armiyasi tuzilmalarini siqib chiqardi. 2008 yil 25 avgustda Kreml o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Janubiy Osetiya va Abxaziya respublikalarining davlat mustaqilligini tan olganini e’lon qildi. Gurjiston bu hududlarni Rossiya tomonidan bosib olingan deb biladi.
Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel 2023 yil 7 avgust kuni Bryussel «Rossiyaning Abxaziya va Janubiy Osetiyada harbiy ishtirokini davom ettirayotganini xalqaro huquq va Rossiya o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarni buzgan deb hisoblab, buni qoralaydi», dedi.
Mavzuga oid
00:36
Rossiya BMTning Sudanda o‘t ochishni to‘xtatish rezolyutsiyasiga veto qo‘ydi
22:49 / 18.11.2024
Gurjiston prezidenti parlament saylovlaridagi qonunbuzarliklar sabab Konstitutsiyaviy sudga da’vo kiritadi
21:08 / 18.11.2024
Oq uy Ukrainaga AQSh qurollari bilan Rossiyaga zarba yo‘llashga ruxsat berilganini tasdiqlamadi
20:14 / 18.11.2024