Jahon | 13:50 / 07.11.2023
5088
3 daqiqa o‘qiladi

YeI Ukraina va Moldova bilan muzokaralarni 2024 yilda boshlashi mumkin

Yevrokomissiya Ukraina va Moldova bilan Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish bo‘yicha muzokaralarni boshlashni tavsiya qilmoqchi - ammo ikkala davlat ham qolgan shartlarni bajarishi kerak, deb yozadi Reuters. 

Foto: AP

Yevrokomissiya (YeK) Ukraina va Moldovani Yevropa Ittifoqiga qabul qilish bo‘yicha muzokaralarni boshlashni tavsiya qilmoqchi, biroq ikkala davlat qolgan talablarni bajarishi kerak, deb xabar berdi Reuters 6 noyabr, dushanba kuni Yevropa Ittifoqining ikki vakiliga tayanib. Agentlik ta’kidlashicha, bu Kiyev va Kishinev bilan Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish bo‘yicha rasmiy muzokaralar 2024 yildayoq boshlanishi mumkinligini anglatadi

8 noyabr, chorshanba kuni Yevrokomissiya Ukraina va Moldovaning Yevropa Ittifoqiga nomzod maqomini olish yo‘lida erishgan yutuqlari to‘g‘risidagi navbatdagi hisobotini taqdim etadi - unda bajarilishi lozim bo‘lgan yetti band nazarda tutiladi. Ushbu hisobotga asoslanib, Yevropa Ittifoqining 27 davlati davlat va hukumat rahbarlari dekabr oyida bo‘lib o‘tadigan sammitda Kiyev va Kishinev bilan Yevropa Ittifoqiga kirish bo‘yicha muzokaralarni boshlash maqsadga muvofiqligi haqida qaror qabul qiladi. 

Ukraina uzoq vaqtdan beri Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish bo‘yicha rasmiy muzokaralar boshlanishiga intilmoqda. Bundan bir necha kun oldin Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen Oliy radada so‘zga chiqib, Kiyev o‘z oldiga qo‘yilgan vazifalarni 90 foizga bajarganini ta’kidlagan edi. Ukraina bosh vazirining Yevropa va Yevroatlantika integratsiyasi bo‘yicha o‘rinbosari Olga Stefanishina bu bayonotni tanqid qildi. «Hatto 99,9 foiz ham Ukraina uchun salbiy signaldir, chunki gap mamlakatdagi ekzistensial o‘zgarishlar haqida ketyapti», deb ta’kidladi Stefanishina. Uning fikricha, fon der Lyayyenning bunday bayonotidan Kiyev qolgan 10 foiz vazifalarni bajarishga sanoqli kunlar qolgan, degan xulosaga kelishi mumkin. «Biz qanchalik ko‘p qilsak, shunchalik ko‘p muammolar paydo bo‘ladi, bu esa 100 foizlik ko‘rsatkich bajarilmay qolishiga olib kelmaydi», deya qo‘shimcha qildi u. 

Mavzuga oid