O‘zbekiston | 10:43 / 08.11.2023
14508
2 daqiqa o‘qiladi

«Dendropark»da noqonuniy tarzda egallab olingan binolar buzilmoqda 

Binolar tegishli sud qarori asosida buzilmoqda. Daraxtlarni nobud qilish, yer ajratish va undan foydalanish qoidalarini buzish holatlari yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Foto: Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi

Toshkent viloyati Toshkent tumanida joylashgan O‘rmon xo‘jaligi agentligi huzuridagi «Darxon» ilmiy-tajriba stansiyasi («Dendropark»)da noqonuniy tarzda egallab olingan binolar tegishli sud qarori asosida buzilmoqda.

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Bosh prokuratura va boshqa mutasaddi davlat idoralari bilan hamkorlikda «Dendropark»da daraxtlarni nobud qilish, yer ajratish va undan foydalanish qoidalarini buzish bilan bog‘liq ko‘plab holatlar aniqlangandi. 

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 198- (Ekinzorlarni, o‘rmonlarni, daraxtlarni yoki boshqa o‘simliklarni shikastlantirish yoxud nobud qilish) va 205-moddalari (Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Oktyabr oyi boshida mahkama matbuot xizmati Toshkent tumanidagi mazkur manzarali bog‘dorchilik va o‘rmon ilmiy-tajriba xo‘jaligi hududida ekilgan qimmatbaho navli noyob yong‘oq daraxtlar nobud qilinayotgani haqida xabar bergan. 85 tup qimmatbaho navli noyob yong‘oq daraxtlari kesib tashlangan, daraxtlarning 103 tupi esa mas’uliyatsizlik sabab qurib qolishiga olib kelingan.

 

Mavzuga oid