Jahon | 20:57 / 10.11.2023
14250
10 daqiqa o‘qiladi

Yaqin Sharqdagi urush: sodir etilayotgan harbiy jinoyatlarga qonun nima deydi?

BMTning inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Folker Turk HAMASning 7 oktyabr kuni Isroilga hujumidan so‘ng har ikki tomon harbiy jinoyatlarga qo‘l urganini ta’kidladi.

G‘azoning katta qismi Isroil bombalashlari oqibatida vayronaga aylangan

Uning so‘zlariga ko‘ra, Falastin qurollangan guruhlari tomonidan 7 oktyabr kuni sodir etilgan xunrezliklar va tinch aholi vakillarini garovda ushlab turishda davom etish harbiy jinoyat sanaladi.

«Isroil tomonidan Falastin fuqarolari kollektiv jazolanishi ham, tinch aholini majburiy evakuatsiya qilish ham harbiy jinoyat sanaladi», — deya o‘zining Isroilga bo‘lgan pozitsiyasini sharhlagan Turk.

HAMAS tomonidan nazorat qilinadigan G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, Isroil bombalashlari natijasida o‘tgan bir oy ichida 10 mingdan ziyod kishi halok bo‘lgan.

Bu raqamlar ishonchliligini mustaqil tekshirib ko‘rish ayni paytda imkonsiz.

Xo‘sh, xalqaro tashkilotlar, tribunallar tomonidan qoraladigan va jazoga tortiladigan xalqaro jinoyatlar nima? BBC bu borada ekspertlarni savolga tutdi.

Xalqaro gumanitar huquq nima?

BMTdagilar har qanday mojaroda tinch aholini himoya qilish ustuvor bo‘lishi, jang qilayotgan hech bir tomon bu prinsipni buzmasligi kerakligini eslatadi.

Mana shu xalqaro gumanitar huquq degani — xalqaro huquqiy me’yorlar hamda urushni olib borish usullari va vositalarining xalqaro ekspertlar tomonidan ishlab chiqilgan majmui.

«Ushbu qoidalar tomonlardan biri tomonidan qo‘pol ravishda buzilishi ikkinchi tomonnning shunday harakatlarini aslo oqlamaydi», — deydi Tara Van Ho, Buyuk Britaniya inson huquqlari bo‘yicha markazi Esseks yuridik maktabi dotsenti.

Xuddi shuningdek, Isroil va HAMAS kuchlari orasida nomutanosiblik tomonlardan birining majburiyatini o‘zgartirmaydi, deya davom etgan Ho.

Urushni olib borish qoidalari mojaroga jalb etilgan barcha davlatlar va tomonlar uchun bir xil. Foto: Getty Images

Jyeneva konvensiyalari nima deydi?

1939-1945 yillardagi Ikkinchi jahon urushi davrida Yevropa bo‘ylab olti million yahudiy o‘ldirilishi, boshqa millat va ijtimoiy guruhlarga nisbatan genotsid, shuningdek, harbiy asirlarning huquqlari urushga jalb etilgan barcha tomonlar tarafidan poymol etilishi urushdan keyingi dunyoni avvalgi urush qoidalarini qayta ko‘rib chiqishga majburlaydi.

1945 yilda tuzilgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti 1929 yildan buyon amalda bo‘lgan ikkita xalqaro kelishuvni qayta ishlab kengaytirdi va bir qator yangi kelishuvlarni qo‘shdi.

Bu hujjatlarning umumlashmasi Jyeneva konvensiyalari deb ataladi va 1949 yilda rasman qabul qilingan.

Ular to‘rtta asosiy prinsipni o‘zida birlashtiradi:

  • Jangovar harakatlar olib borilayotgan zonalarda tibbiyot personali va shifoxonalar himoyalangan va erkin faoliyat ko‘rsatish imkoniga ega bo‘lishi kerak;
  • Yaradorlar va safdan chiqqan harbiy xizmatchilar tibbiy yordam olish huquqiga ega;
  • Harbiy asirlarga insoniy muomalada bo‘lish shart;
  • Jang qilayotgan tomonlar fuqarolardan iborat aholini himoya qilishi kerak (bunda energiya va ichimlik suv ta’minoti kabi fuqarolik infratuzilmasiga zarba berish taqiqlanadi).
Osvensimda boshqa natsist konslagerlariga nisbatan, ehtimol, jahon miqyosida eng ko‘p tutqunlar o‘ldirilgan. Foto: Getty Images

Genotsid belgilari qanaqa?

Termin Holokost davrida o‘z oila a’zolarining katta qismidan ayrilgan polshalik yahudiy, yurist Rafael Lemkin tomonidan o‘ylab topilgan.

1948 yilda BMT Genotsid to‘g‘risidagi konvensiyani qabul qildi.

«Genotsidning bosh belgisi jinoyatchilar harbiy yoki tinch aholi bo‘lgan alohida inson yoki shaxslar guruhini ularning o‘zligiga qarab o‘ldirishni o‘ylashadi», — deydi Tara Van Ho.

Uning so‘zlariga ko‘ra, genotsid — isbotlash eng qiyin bo‘lgan harbiy jinoyatdir, chunki niyatni isbotlash juda qiyin.

Genotsid nafaqat o‘ldirishni, shuningdek farzand ko‘rishni cheklash va bolalarni majburiy ko‘chirishni ham o‘z ichiiga oladi.

Ruandalik Jan-Pol Akayyesu genotsid uchun mahkamaga tortilgan tarixdagi eng birinchi inson bo‘ldi. Hukm genotsid to‘g‘risidagi qonun qabul qilinganidan 50 yil o‘tib o‘qildi. Foto: Getty Images

Ruandalik etnik hutu Jan-Pol Akayyesu 1994 yilda tutsilarning ommaviy qirg‘in qilinishi uchun genotsid to‘g‘risidagi qonunga ko‘ra jazolangan ilk odam bo‘ldi.

O‘shanda tutsi qabilasiga mansub 800 mingdan ziyod inson qirib yuborilgan.

1998 yil sentabrida Ruanda bo‘yicha maxsus tuzilgan xalqaro jinoiy tribunal Akayyesuni umrbod qamoq jazosiga hukm qildi.

Bunday tribunallar 1970-yillarda etnik ozchilik bo‘lgan cham va viyetnamliklarga nisbatan qizil qxemerlar genotsidi ishi va Bosniyaning Srebrenitsasidagi 1995 yildagi musulmonlar qirg‘ini bo‘yicha ham bo‘lib o‘tgan.

O‘shanda Serb respublikasi armiyasi general Ratko Mladich qo‘mondonligida 8 mingdan ziyod bosniyalik musulmonlar – katta yoshli erkaklar va o‘smir yoshidagi o‘g‘il bolalarni o‘ldirgan.

Insoniyatga qarshi jinoyat nima?

Genotsiddan farqli o‘laroq, bu jinoyatlar etnik mansubligidan qat’i nazar, fuqarolik shaxslariga nisbatan qaratilgan bo‘ladi. Uning tarkibiga qotillik, deportatsiya, qul qilish, jinsiy zo‘ravonlik, aparteid, qiynoq va odam o‘g‘irlashlar kiradi.

Odatda bunday jinoyatlar ma’lum bir tashkilotchilikni talab qiladi — qoida tariqasida bular keng qamrovli va ko‘pincha tizimli aksiyalar bo‘ladi, deydi britaniyalik yurist Tara Van Ho.

BMT alohida komissiyasi aniqlashicha, Myanma armiyasining rohingya etnik ozchiliklariga nisbatan harakatlarini genotsid deb tasniflash mumkin. Foto: Getty Images

Harbiy jinoyat nima?

Harbiy jinoyatlarga xalqaro yoki ichki qurolli to‘qnashuvlar asnosida qo‘l uriladi.

«Harbiy jinoyatlarning turli shartnomalarda qayd etilgan uzun ro‘yxati bor. Umumiy xarakterli jihati — ularning barchasi himoyaga muhtoj insonlarga oqlab bo‘lmas ziyon yetkazadi va gumanitar tashkilotlarning normal ishlashini tahdid ostida qoldiradi», — deydi Van Ho.

Bu jinoyatlar qanday ta’qib qilinadi?

Har qanday davlat hukumat yoki jamoat tashkilotlari darajasida BMT Xalqaro sudiga da’vo arizasi kiritishi mumkin. Davlatlar shuningdek, alohida shaxslarning jinoyatlarini tergov qilish uchun Xalqaro jinoyat sudi (XJS)ga ham murojaat qilishadi.

Ayni paytda BMT Xalqaro sudi Gambiya tomonidan Myanmaga qarshi qo‘zg‘atilgan da’vo arizasini ko‘rib chiqmoqda.

Sud Myanma harbiylari 2017 yilda rohingya musulmonlariga qarshi genotsid aktini sodir etgan-etmaganini aniqlab berishi kerak. BMT maxsus komiyassiyasi allaqachon o‘z xulosasini bergan va unda Myanmaning harakatlari genotsid deb tasniflangan.

Myanmadagi harbiy diktatura chog‘ida qatag‘onlar va ta’qiblar natijasida yuzlab rohingyalar o‘ldirilgan, milliondan ortiq kishi o‘z turar joylarini tashlab xavfsizroq hududlarga ko‘chishga majbur bo‘lishgan.

Xalqaro jinoyat sudi bosh prokurori Karim Xon Isroilni Xalqaro gumanitar huquq va Jyeneva konvensiyalari shartlariga rioya qilishga chaqirmoqda. Foto: ICC

Xalqaro jinoyat sudi 2002 yilda tuzilgan. Bu so‘nggi instansiyadagi sud bo‘lib, milliy hukumatlar sud ta’qibini amalga oshira olmasa yoki oshirishni istamasa vaziyatga aralashadi.

XJSga murojaat qilish va uning qarorlarini bajarish uchun mamlakat unga a’zo bo‘lishi kerak, buning uchun davlat Rim statutini ratifikatsiya qilishi lozim.

AQSh, Xitoy, Rossiya, Hindiston va Isroil hujjatni ratifikatsiya qilishmagan. Falastin muxtoriyati kelishuvga 2015 yilda qo‘shilgan.

XJS bosh prokurori Karim Xon yaqinda Misrga bordi, lekin G‘azo sektori hududiga kira olmadi.

Matbuot anjumanida u Isroil harbiylarini ogohlantirgan.

«Ular aybsiz tinch aholiga taalluqli va fuqarolik obektlariga berayotgan har bir zarbasi urush odatlari va qonunlariga muvofiq olib borilayotganini namoyish etishlari lozim bo‘ladi», — degan u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu har bir turar joy, har bir maktab yoki shifoxona, cherkov yoki masjidga — xalqaro huquq himoyasi ostida bo‘lgan har qanday obektga berilgan zarbaga taalluqli.

7 oktyabr kuni Isroilda davlat tashkil etilganidan buyon eng katta qo‘poruvchilik harakati amalga oshirildi. Foto: Getty Images

HAMASning isroillik qurbonlari garchi ularning davlati sud yurisdiksiyasiga bo‘ysunmasa ham Xalqaro jinoyat sudiga tergov boshlash uchun murojaat qilishgan.

Tel-Aviv ostonasidagi Rayhman universiteti o‘qituvchisi, xalqaro jinoyat ishlari bo‘yicha yurist Yael Vias Gvirsman yaqinlari o‘ldirilgan, garovga olingan va bedarak yo‘qolgan 40 dan ortiq oila manfaatini ko‘zlab harakat qilmoqda.

Yurist ayol HAMAS va «Islom jihodi» harakatlari insoniyatga qarshi jinoyat deya topilishi lozim, deb talab qilmoqda.

«XJS o‘z mandatini bajarsin. Qurbonlar haqiqat va adolat tantana qilishiga munosib», — degan u BBC’ga o‘z sharhida.

Kamida 240 kishi, jumladan, qariyalar va yosh bolalar HAMAS tomonidan olib ketilgan tutqunlikda yashashmoqda. Foto: Getty Images

«Tergov-surishtiruv boshlashda XJS uchun jiddiy to‘siq shundan iboratki, kerakli axborotlar davlatning o‘zida yoki qurolli guruhlarda jamlangan va ular o‘z ixtiyori bilan hech qachon uni taqdim etishmaydi», — degan Tara Van Ho. 

Mavzuga oid