Jahon | 16:49 / 13.11.2023
15804
3 daqiqa o‘qiladi

Britaniya ichki ishlar vaziri namoyishlar ortidan ishdan ketdi

Suella Braverman Falastin tarafdorlari o‘tkazayotgan namoyishlarda London politsiyasini «ikki xil standart»da harakat qilgani uchun tanqid qilgandi.

Foto: AFP

Buyuk Britaniya ichki ishlar vaziri Suella Braverman politsiyaning namoyishlarga reaksiyasi bo‘yicha hukumat rahbarinikidan farqli pozitsiyada bo‘lgani uchun lavozimini tark etdi. U The Times gazetasidagi kolonkasida politsiyachilarni Falastin tarafdorlarining namoyishlariga yumshoq munosabatda bo‘lishda ayblab maqola yozgandi.

Endilikda ichki ishlar vaziri lavozimini Jyeyms Kleverli egallaydi, u bungacha tashqi ishlar vazirligini boshqarayotgandi. Bosh vazir Rishi Sunak kutilmaganda Devid Kemeron TIVning yangi rahbari bo‘lishini aytdi – u 2010–2016 yillarda Buyuk Britaniya bosh vaziri bo‘lgan, britaniyaliklar «breksit» uchun ovoz berganidan keyin iste’foga chiqqandi.

Braverman o‘tgan hafta oxirida Londonda bo‘lib o‘tgan Falastin tarafdorlarining Isroilga qarshi namoyishlari arafasida chiqqan maqolasi tufayli keskinlikni kuchaytirishda ayblangandi.

The Times gazetasidagi kolonkasida Braverman politsiyani radikal kayfiyatdagi guruhlarning yahudiylarga qarshi aksiyalari ishtirokchilariga haddan tashqari yumshoq munosabatda bo‘lishda ayblagan, boshqa namoyishlar vaqtida esa ular o‘zini ancha qat’iy tutganini bildirgandi. Maqola Britaniyada kuchli bo‘ron keltirib chiqardi va  bosh vazir Sunakdan uni iste’foga chiqarishni talab qila boshlashdi.

Maqola bosh vaziri ofisi bilan kelishilmagan, ma’lum bo‘lishicha Braverman Dauning-stritning maqola mazmuni va ohangini yumshatish bo‘yicha so‘rovini bajarmagan.

Suella Bravermanning iste’fosi kelasi haftada «Kuzgi bayonot» bilan chiqish qiladigan bosh vazir Rishi Sunak tomonidan vazirlar mahkamasida amalga oshiradigan keng ko‘lamli o‘zgarishlarini boshlab berdi.

Devid Kemeron. Foto: GETTY IMAGES

Dushanba tongida tashqi ishlar vaziri Jyeyms Kleverlini Dauning-stritda ko‘rishgan, u Houm-ofis rahbari lavozimida Bravermanning o‘rnini egallash uchun kelgan.

Bundan tashqari, bosh vazirning Dauning-stritdagi qarorgohiga sobiq bosh vazir Devid Kemeron ham kelgan, u Kleverli o‘rniga yangi tashqi ishlar vaziri bo‘ladi.

11 noyabr kuni Londonda Isroil G‘azo sektorini o‘qqa tutishiga qarshi navbatdagi keng ko‘lamli namoyishlar bo‘lib o‘tdi. Mahalliy politsiya aksiyada 300 ming kishi ishtirok etganini bildirgan. Marsh tashkilotchilari esa 800 ming kishi ko‘chalarga chiqqanini ma’lum qilib, buni Buyuk Britaniya tarixidagi eng yirik marshlardan biri deb atagan.

Mavzuga oid