Jahon | 13:52 / 14.11.2023
4647
3 daqiqa o‘qiladi

Polshalik avtotashuvchilar Ukraina bilan kelishuvga erisha olmayapti

Ukraina bilan chegarada norozilik bildirayotgan Polsha avtotashuvchilari vakillari Ukraina tomoni bilan muhim moliyaviy masalalar bo‘yicha muzokaralar muvaffaqiyatsiz yakunlanganini da’vo qilmoqda.

Foto: Picture Alliance

Polsha avtotashuvchilari vakillari 13 noyabr, dushanba kuni Ukraina rasmiylari bilan olib borilgan yangi muzokaralar Ukraina transport kompaniyalarining nohaq raqobati haqidagi bahsga chek qo‘ya olmasligini bildirdi.

Polyaklar fikricha, Rossiyaning Ukrainaga kirishi ortidan YeIga kirish qoidalari yengillashtirilishi ukrainalik raqobatchilar oqimiga olib keldi va bu ularning shaxsiy daromadlariga jiddiy ta’sir ko‘rsatdi. Bunga javoban polshalik yuk tashuvchilar 6 noyabrdan boshlab Polsha-Ukraina chegarasidagi uchta asosiy chegara o‘tish joyini to‘sib qo‘yishni boshladi. Polsha politsiyasiga ko‘ra, norozilik bildirgan transport kompaniyasi xodimlari avtomobillar o‘tishiga ruxsat beryapti, biroq yuk mashinalarining mamlakatga kirishiga to‘sqinlik qilib, soatiga faqat bitta yuk mashinasini o‘tkazyapti.

Dushanba kuni norozilik bildirgan yuk mashinalari haydovchilari delegatsiyasi Ukraina va Polsha hukumatlari vakillari bilan uchrashdi. «Biz kelishuvga erishmadik. Ukraina tomoni bizning talablarimizni inobatga olmayapti», dedi Polsha chegarasidagi Dorogusk shahridagi namoyish yetakchilaridan biri ijtimoiy tarmoqlarda.

Chegaradagi vaziyat og‘irlashib bormoqda

Polsha transport kompaniyalari Ukraina yuk mashinalari uchun Yevropa Ittifoqiga kirish ruxsatnomalaridan foydalanishni tiklashga erishmoqchi. Yevropa Ittifoqi Ukraina iqtisodiyotini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Rossiyaning keng ko‘lamli harbiy harakatlari boshlanganidan so‘ng ukrainaliklarga yuk tashish uchun ruxsatnoma olish zaruratini bekor qildi. Dastlab bu choralar bir yilga amal qildi, o‘tgan yozda esa 2024 yilning iyunigacha uzaytirilgan edi. 

Bundan tashqari, Polsha transport sohasi vakillari Ukrainada huquqlari buzilganidan shikoyat qilmoqda. Ukrainadan Polshaga yuklarni yetkazib berish uchun elektron ro‘yxatdan o‘tish talab qilinadi, bu 12 kungacha kutish vaqtini o‘z ichiga oladi, Polshada esa bunday talablar yo‘q. 

Polsha bojxona xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, Polsha transport kompaniyalari tomonidan transport qatnovi to‘sib qo‘yilishi natijasida, 13 noyabr, dushanba holatiga ko‘ra, Polshaning Dorogusk tomonidagi navbat Ukraina hududiga o‘tmoqchi bo‘lgan 1300 ta yuk mashinasiga yetgan. Bundan tashqari, Grebennoye nazorat-o‘tkazish punktida Ukraina bilan chegarani kesib o‘tish uchun yana 500 ta yuk mashinasi kutib turibdi.

Mavzuga oid