Jahon | 07:18 / 15.11.2023
12530
4 daqiqa o‘qiladi

Isroil Ash-Shifo kasalxonasida operatsiya boshlaganini e’lon qildi

TsAHAL Ash-Shifoda HAMASga qarshi operatsiya boshlanganini e’lon qildi. Shifoxonada ishlovchi doktor Al Jazeera’ga kuchli otishma va doimiy portlashlarni eshitayotganini aytdi. Kasalxona hududidan raketalardan qochgan minglab odamlar boshpana topgan.

Foto: AP

Isroil mudofaa kuchlari Ash-Shifo kasalxonasida HAMASga qarshi operatsiya boshlaganini e’lon qildi. Bu haqda BBC xabar bermoqda.

TsAHALning ijtimoiy tarmoqlardagi postida aytilishicha, «maqsadli» operatsiya shifokorlar guruhlari va arab tilini biladigan odamlar ishtirokida amalga oshirilmoqda.

«Ular HAMAS tirik qalqon sifatida foydalanayotgan tinch aholiga zarar yetkazmaslik uchun shunday og‘ir va nozik muhitda harakat qilish maqsadida maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan», — deyiladi xabarda. 

Isroil armiyasi G‘azo sektori rasmiylariga bir kun avval ultimatum qo‘yganini bildirdi: qurolli tuzilmalar 12 soat ichida Ash-Shifo kasalxonasini tark etishi kerak. Ultimatum bajarilmadi. 

Harbiylar shifoxonadan ommaviy evakuatsiya uyushtirganini va uning rahbariyati bilan doimiy aloqada ekanini ma’lum qildi. Bu haqda hozircha hech qanday tasdiq yo‘q, faqat HAMAS nazoratidagi G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot kotibi isroilliklar hujum boshlanishidan biroz oldin ularni xabardor qilgani to‘g‘risida bayonot berdi.  

BBC bilan suhbatlashgan guvohning aytishicha, isroillik askarlar allaqachon Ash-Shifo kasalxonasiga kirgan.

Kasalxonada bo‘lgan Xader Zaanun BBC’ning G‘azodagi muxbiri Rushdi Abu Alufga telefon orqali Isroil harbiylari tutunli granata uloqtirganini va ularni kasalxonaning jarrohlik binosiga bostirib kirganini ko‘rganini aytgan. Shundan so‘ng Xader Zaanun bilan aloqa uzilgan.

Isroil armiyasi Ash-Shifo kasalxonasida operatsiya boshlaganidan so‘ng, HAMAS bayonot berib, bu operatsiya oqibatlari uchun to‘liq javobgarlikni Isroil va shaxsan AQSh prezidenti Jo Baydenga yukladi. 

HAMASga ko‘ra, kecha AQShning isroilliklar aytganidek, Ash-Shifo kasalxonasi ostida HAMAS qo‘mondonlik punkti joylashgani to‘g‘risida bergan bayonoti Isroil armiyasiga kasalxonaga bostirib kirishi uchun yashil chiroq yoqdi. 

HAMAS shifoxonadan o‘zining yerosti qo‘mondonligi va tayanch punkti uchun qalqon sifatida foydalanishini rad etib keladi. 

Isroil armiyasi bugun HAMASga qarshi operatsiya o‘tkazayotgan Ash-Shifo kasalxonasida nimalar bo‘layotgani haqidagi ma’lumotlar hamon nihoyatda kam. Ash-Shifo kasalxonasi shifokorlaridan birining Al Jazeera telekanaliga aytishicha, shifoxona majmuasi hududida Isroil tanklari va buldozerlari paydo bo‘lgan. 

Al Jazeera tayangan shifokorning so‘zlariga ko‘ra, isroillik askarlar hozircha asosiy kasalxona binosiga kirgani yo‘q. 

X tarmog‘idagi Gaza notifications Falastinni qo‘llab-quvvatlovchi akkaunt tomonidan ham shunday ma’lumot taqdim etilgan: unga ko‘ra, isroilliklar kasalxona hududiga asosiy eshik yaqinidagi maxsus jarrohlik binosiga kirgan, ammo asosiy binoga hali kirgani yo‘q.

Ash-Shifo majmuasi oltita binodan iborat. 

Shifoxonada ishlovchi doktor Al Jazeera’ga kuchli otishma va doimiy portlashlarni eshitayotganini aytgan. 

Ijtimoiy tarmoqlarda Ash-Shifo yo‘laklarida ko‘plab odamlar, jumladan, qurolsiz yosh yigitlar qochib, qichqirayotgani aks etgan video tarqalmoqda. 

Mavzuga oid