O‘zbekiston | 16:00 / 16.11.2023
9463
2 daqiqa o‘qiladi

Universalbank plastik kartalardan pul yechib olinishi borasidagi vaziyatga izoh berdi

Foto: Universalbank

Pul Unired ilovasi orqali turli banklarning kartalaridan o‘g‘irlanganligi ma’lum qilindi.

11 noyabr kuni ertalab ba’zi Universalbank mijozlari kartalarida mablag‘ yetishmayotganligiga duch kelishgan. Bu haqda bank matbuot xizmati xabar berdi.

Bugungi kunda Universalbank Kiberxavfsizlik markazi bilan birgalikda ushbu holatni tekshirmoqda.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, antifrod tizimi muammolarni aniqlagan, bank Unired ilovasidagi barcha jarayonlar vaqtinchalik to‘xtatilgan. Bir necha yuz million so‘m Universalbank tomonidan muzlatilgan.

"Biz bo‘lib o‘tgan voqealarga jiddiy yondashamiz va tegishli organlar bilan yaqindan hamkorlik qilib, ushbu voqeani tekshirmoqdamiz. Sodir bo‘lgan noxushlik sababli, bankimiz Unired ilovasidagi barcha operatsiyalarni vaqtincha to‘xtatdi. Ushbu qaror mijozlarimizning mablag‘larini himoya qilishni kuchaytirishga qaratilgan ehtiyot chorasi sifatida qabul qilindi. Shuningdek, biz bankning antifrod tizimi orqali muzlatilgan mablag‘larni qaytarish uchun barcha zarur choralarni ko‘rmoqdamiz", - deya xabar beradi bank matbuot xizmati.

Universalbank bank xizmatlarining yuqori darajadagi xavfsizligi va ishonchliligini ta’minlashga sodiqligini ta’kidlab, zarar ko‘rgan mijozlardan Toshkent shahar IIBB kiberxavfsizlik bo‘limiga yoki bankning Afrosiyob ko‘chasi, 14 manzilda joylashgan ofisiga murojaat qilishlarini so‘raydi. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar vaziyatni to‘la o‘rganib chiqqach, mijozlarga pul qaytariladi.  

Qo‘shimcha ma’lumot olishni xohlovchilar mijozlarni qo‘llab-quvvatlash xizmatiga (+998 (71) 200-11-10) murojaat qilishlari mumkin. 

Mavzuga oid