Jahon | 12:24 / 18.11.2023
7512
3 daqiqa o‘qiladi

Shols Erdo‘g‘anni noqonuniy muhojirlar chiqarib yuborilishi haqida ogohlantirdi

Olaf Shols va Rajab Toyyib Erdo‘g‘an o‘zaro uchrashuvda noqonuniy migratsiya, Ukrainadagi urush, Yaqin Sharq va Kavkazortidagi vaziyatni muhokama qildi.

Foto: AP

Germaniya kansleri Olaf Shols 17 noyabr, juma kuni Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bilan Berlinda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Turkiyadan Germaniyada qolish huquqiga ega bo‘lmagan boshpana izlovchilarni tezroq olib chiqib ketishni talab qildi. Bu haqda dpa va Reuters agentliklari Berlindagi hukumat doiralariga tayanib xabar berdi. Agentliklar suhbatdoshlariga ko‘ra, kansler Germaniyada bunday xorijliklarning ko‘p sonini hisobga olgan holda, himoya maqomini olmaganlarni vataniga qaytarishning ishonchli mexanizmi bo‘lishi kerakligini ta’kidladi

Germaniya va Turkiya rahbarlari yangi tashkil etilgan ichki ishlar bo‘yicha ikki tomonlama ishchi guruhi jadal ish olib borayotganini olqishladi va unga imkon qadar tezroq o‘zaro maqbul natijaga erishish bo‘yicha topshiriq berdi. Avvalroq, Shols qo‘shma matbuot anjumanida Germaniyaning Yevropa Ittifoqi va Turkiya o‘rtasidagi migratsiya kelishuvini davom ettirishdan manfaatdor ekanini e’lon qilgan edi. 

Ukraina, Yaqin Sharq va Kavkazortidagi urushlar 

Shols va Erdo‘g‘an o‘rtasidagi uchrashuvda boshqa masalalar ham muhokama qilindi. Ikkala siyosatchi ham Rossiya Ukrainaga qarshi tajovuzkor urushini zudlik bilan to‘xtatishi kerak degan fikrga keldi. 

Isroilning HAMAS guruhiga qarshi urushini muhokama qilish chog‘ida tomonlar asosiy e’tiborni gumanitar masalalarga qaratgan va mintaqada mojaro avj olishi mumkinligidan xavotir bildirgan. G‘azo sektorining ehtimoliy istiqbollari ham muhokama qilindi. Shols Germaniyaning Isroil bilan birdamlik pozitsiyasiga va Berlinning HAMAS hujumini to‘liq qoralashiga ishora qildi. Avvalroq Erdo‘g‘an matbuot anjumani chog‘ida Isroilning G‘azo sektoridagi harakatlarini keskin tanqid qilgan edi. 

Olaf Shols va Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Turkiyadan ulamolarni yuborishni bosqichma-bosqich to‘xtatish uchun Germaniyada ular uchun ta’lim jarayonini kengaytirishga kelishib oldi. 

Armaniston-Ozarboyjon mojarosini muhokama qilish chog‘ida ular, jumladan, Turkiya va Armaniston o‘rtasidagi chegaraning ehtimoliy ochilishi masalasini ko‘rib chiqqan. Tomonlar Armaniston va Ozarboyjon o‘rtasida tinchlik bitimi 2023 yil oxirida tuzilishi kerakligi haqida kelishib oldi. 

Mavzuga oid