Jahon | 13:41 / 20.11.2023
5347
4 daqiqa o‘qiladi

Borrel G‘azodagi janglarda shoshilinch gumanitar tanaffusga chaqirdi

Yevropa diplomatiyasi rahbari Qatarda BMT Xavfsizlik kengashining Isroilning HAMASga qarshi operatsiyasida zudlik bilan tanaffus qilish haqidagi rezolyutsiyasiga rioya etishga chaqirdi. Qatar bosh vaziri isroillik garovga olganlarni ozod qilish bo‘yicha sa’y-harakatlardagi o‘zgarishlarni tasdiqladi.

Foto: Isabel Infantes / Reuters

Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel Isroil hukumatini G‘azo sektori tinch aholisini himoya qilish uchun HAMAS guruhiga qarshi jangovar harakatlarni zudlik bilan gumanitar to‘xtatib turish haqidagi BMT Xavfsizlik kengashi rezolyutsiyasiga rioya etishga chaqirdi. «Ayni paytda biz G‘azo sektoridagi odamlar, tinch aholi og‘ir bombardimonlardan aziyat chekayotgan dahshatli gumanitar vaziyatga guvoh bo‘lyapmiz», - dedi u 19 noyabr, yakshanba kuni Qatar poytaxti Dohada qirollik bosh vaziri Tamim bin Hamad Ol Taniy bilan muzokaralardan so‘ng. 

Borrel BMT G‘azoda sodir bo‘layotgan voqealarni zamonaning eng yirik gumanitar inqirozlaridan biri deb bilishini eslatdi. «Bir dahshat bilan boshqa bir dahshatni oqlab bo‘lmaydi. Odamlarning bolalariga keltirgan og‘riq esa hech qachon farzandlaringiz ko‘rgan og‘riqni oqlamaydi yoki o‘rnini bosa olmaydi. Aksincha, bu zo‘ravonlik spiralini yaratadi va biz barqaror tinchlikka erishmagunimizcha davom etadi», - deya ta’kidladi u. 

Shu bois, Borrelning so‘zlariga ko‘ra, YeI zudlik bilan gumanitar tanaffus qilishga chaqiradi, BMT Xavfsizlik kengashi bu borada rezolyutsiya ham qabul qilgan. Biroq bu rezolyutsiya hali amalga oshirilmadi, G‘azo sektorini bombardimon qilish davom etmoqda, deya qo‘shimcha qildi yevropalik diplomat. Shu bilan birga, u garovga olinganlarni so‘zsiz ozod qilish va gumanitar tashkilotlarga ular bilan muloqotda bo‘lish imkoniyatini ta’minlash zarurligini ta’kidladi. 

Qatar bosh vaziri garovdagilarni ozod qilish borasidagi sa’y-harakatlarda o‘zgarishni tasdiqladi 

O‘z navbatida, Qatar bosh vaziri ham bilvosita HAMAS tomonidan garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha kelishuvga erishish urinishlaridagi o‘zgarishlarni tasdiqladi. Bu kelishuv yo‘lida faqat «kichik» to‘siqlar qolmoqda, dedi u Borrel bilan muzokaralardan so‘ng. Ol Taniyning so‘zlariga ko‘ra, hal qilinmagan muammolar «logistik va amaliy» xususiyatga ega. 

Isroil va HAMAS o‘rtasidagi kelishuvga erishishdagi ba’zi muvaffaqiyatlar va muvaffaqiyatsizliklardan so‘ng, u endi tomonlar «odamlarni uyiga xavfsiz olib keta oladigan kelishuvga yaqinroq ekaniga ishonchi ko‘proq», deya qo‘shimcha qildi Ol Taniy. Biroq u garovga olinganlarning qaytarilishi bo‘yicha ehtimoliy muddatlarga aniqlik kiritmadi. 

Isroil-Falastin mojarosi

7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.

HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan.

Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. 

Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 12 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.

Mavzuga oid