Jahon | 18:18 / 21.11.2023
13019
2 daqiqa o‘qiladi

HAMAS mulozimi Isroil bilan kelishuvga yaqin kelishganini aytdi

HAMAS siyosiy qanoti rahbar Ismoil Xoni Isroil tomoni bilan o‘t ochish rejimini to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishishga yaqin qolganini aytdi.

Foto: Abed Rahim Khatib/Flash90

«Sulh bo‘yicha kelishuvga erishishimizga oz qoldi», deb Xonining so‘zlarini keltirgan HAMASga tegishli Telegram-kanallar va Reuters axborot agentligi. Ikki manbada ham kelishuv shartlari haqida aytilmagan.

AFP nashri muzokaralardan xabari bor manbasiga tayanib yozishicha, tomonlar 5 kunlik o‘t ochish rejimini to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishgan. Unga ko‘ra Isroil quruqlik operatsiyasini ham, G‘azo janubini havodan o‘qqa tutishni ham to‘xtatadi.

Kelishuvga ko‘ra, HAMAS 50 nafardan 100 nafargacha Isroilda qo‘lga olingan asirlarni qo‘yib yuboradi. Ular orasida isroilliklar ham, boshqa millat vakillari ham bo‘ladi, lekin harbiylar bo‘lmaydi. Evaziga Isroil tomoni mamlakat qamoqxonalaridagi 300 nafar falastinlik mahbuslarni qo‘yib yuboradi.

BBC'ning Quddusdagi muxbiri Tom Beytmanga ko‘ra, shu tariqa asirlar bosqichma-bosqich ozod qilinishi mumkin. Avvalroq AQSh prezidenti Jo Bayden asirlarni qo‘yib yuborish bo‘yicha kelishuvga erishishga yaqin qolganini aytgandi.

Asirlarni ozod qilish masalasida Xalqaro Qizil Xoch jamiyati rahbari Miryana Spolyarich dushanba kuni Qatarda HAMAS rahbarlaridan bo‘lgan Ismoil Xoni bilan uchrashuv o‘tkazgandi. Uchrashuvda qatarlik mulozimlar ham qatnashgan. Qatar asirlarni ozod qilish bo‘yicha Isroil va HAMAS o‘rtasida vositachi sifatida qatnashmoqda. Harakatning siyosiy qanoti qarorgohi aynan Qatarda joylashgan. Ismoil Xoni ham Dohada yashaydi.

Mavzuga oid