Jahon | 13:22 / 22.11.2023
12969
19 daqiqa o‘qiladi

«Janubiy Amerika Trampi» – Argentinaning yangi prezidenti haqida nimalar ma’lum?

2023 yil 19 noyabr, yakshanba kuni Argentinada o‘tkazilgan prezidentlik saylovining ikkinchi bosqichida g‘olib nomi aniqlandi. Xaviyer Miley mamlakatning yangi prezidenti etib saylandi. Uni siyosiy qarashlari, g‘alati ishlari va qiliqlari tufayli AQShning sobiq prezidenti Donald Trampga o‘xshatishadi.

Foto: BBC

«Motorli arraga ega iqtisodchi» degan noyob laqabli yangi prezident – Xaviyer Miley Argentinada budjet xarajatlarini jiddiy ravishda qisqartirmoqchi. Shuningdek, u mamlakatning BRICS’ga kirishiga qarshi.

Argentinada o‘ng qanot «Ozodlik kelyapti» alyansi bir qismi bo‘lgan Libertarianlar partiyasiga rahbarlik qiluvchi Xaviyer Miley prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozondi.

Dastlabki natijalarga ko‘ra, u 56 foizga yaqin ovoz to‘plagan. 20 noyabr, dushanbaga o‘tar kechasi Mileyni saylovlardagi g‘alabasi bilan uning raqibi, «Vatan uchun ittifoq» hukmron koalitsiyasidan nomzod bo‘lgan Argentina iqtisodiyot vaziri Serxio Massa tabrikladi.

«Men Xaviyer Miley bilan bog‘lanib, uni tabrikladim va omad tiladim, chunki u argentinaliklarning ko‘pchiligi keyingi to‘rt yilga tanlagan prezident», - dedi Serxio Massa ovoz berishning rasmiy natijalari e’lon qilinishidan oldin.

Bundan tashqari, Braziliya prezidenti Luis Inasiu Lula da Silva X ijtimoiy tarmog‘i orqali Argentina yangi hukumatiga Miley ismini tilga olmay, «omad va muvaffaqiyat» tiladi.

Chili prezidenti Gabriel Borich Font ham X ijtimoiy tarmog‘ida Mileyga tabriklarni yetkazdi.

Faqat Kolumbiya prezidenti Gustavo Petro Argentinadagi prezidentlik saylovlarida o‘ng qanot nomzodi g‘alabasidan hafsalasi pir bo‘lganini bildirib, buni «Lotin Amerikasi uchun qayg‘uli voqea» deb atadi.

AQSh sobiq prezidenti Donald Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida Miley bilan «juda faxrlanishi»ni aytdi. 2024 yilda AQSh prezidentligi uchun yana kurashmoqchi bo‘lgan respublikachi: «Siz o‘z mamlakatingizni rivojlantirasiz va Argentinani yana buyuk qilasiz», deb yozgan.

Xaviyer Miley o‘z saylovchilarga nimalarni va’da qilgandi? Argentina yangi prezidenti davlatning fuqarolar hayotiga aralashuvini minimal ko‘rinishga keltirmoqchi.

U Markaziy bankni tugatmoqchi va milliy valuta peso o‘rniga AQSh dollaridan foydalanishni taklif qilyapti. Saylovoldi kampaniyasi davomida Miley Rossiya, Xitoy va Braziliyaning «kommunistik» hukumatlari bilan aloqalarni uzish rejasini ham e’lon qildi.

Iqtisodiy muammolarni hal qilish uchun motorli arrani o‘ziga timsol sifatida tanlagan Miley davlat xizmatchilari sonini kamaytirib, shu yo‘l bilan budjet xarajatlarini jiddiy qisqartirmoqchi.

Foto: alamy.com

Xaviyer Miley kim o‘zi?

Xaviyer Miley 1970 yilda Argentina poytaxti Buenos-Ayresda avtobus haydovchisi oilasida tug‘ilgan. U 12 yoshda ekanida mamlakatda giperinflatsiya sodir bo‘ladi va mamlakat pul birligi xazonga aylanadi. Xaviyerda o‘sha paytda iqtisodiyotga qiziqish paydo bo‘ladi.

Keyinroq u «Chikarita Juniors» futbol jamoasida darvozabon bo‘ladi. «Everest» guruhida qo‘shiq aytadi. Oxir-oqibat iqtisodiyotga qiziqish ustunlik qiladi va oliy ta’limni shu yo‘nalishda oladi.

Xaviyer 20 yil davomida makroiqtisodiyot professori darajasiga chiqadi hamda Argentinada va xorijdagi bir qator oliy ta’lim muassasalarida iqtisodiyotdan dars beradi. Shuningdek, u bir qator yirik kompaniyalarda bosh iqtisodchi sifatida faoliyat olib boradi.

Jumladan, 1990-yillar oxirida Miley HSBC bankida iqtisodchi bo‘lib ishlagan va harbiy xunta davridagi taniqli shaxs, o‘sha paytda parlament a’zosi bo‘lgan general Antoni Bussining maslahatchisi bo‘lgan.

2013 yildan 2017 yilgacha Miley Buenos-Ayres gubernatori, mashhur peronist Daniel Skiolining Fundación Acordar tahlil markazida bosh iqtisodchi bo‘lib ishlagan.

Shundan so‘ng va 2021 yilgacha u argentinalik milliarder Eduardo Ernekyanning Corporación América holding kompaniyasida faoliyat olib borgan. Xaviyer katta siyosatga 2021 yilda kirib keladi.

U Argentina duch kelayotgan iqtisodiy muammolarda sotsializmni ayblaydi. Bundan tashqari, u Rim papasini yoqtirmaydi va abortga qarshi (Argentinada bu ish 2020 yilda qonuniylashtirilgan).

Foto: elespectador.com

Xaviyer Mileyning saylovoldi dasturi

Argentina prezidentligi uchun o‘z nomzodini qo‘yar ekan, Xaviyer saylovchilarga kutilmagan va’dalarni berdi.

Jumladan, u milliy valuta – pesodan voz kechib, AQSh dollariga o‘tmoqchi. Markaziy bank va bir qator vazirliklarni tugatmoqchi. Argentinaning BRICS’ga kirishiga qarshi.

Uning saylovoldi dasturida tilga olingan bu masalalar dunyoning yetakchi iqtisodchilarida xavotir uyg‘otmoqda.

Xaviyer Mileyni uning tashqi ko‘rinishi, tizimga munosabati, abort va global isish haqidagi qarashlari tufayli doimo Donald Tramp bilan taqqoslashadi. Shuningdek, soch turmagi tufayli amerikalik qo‘shiqchi Elvis Presliga o‘xshatishadi.

Prezidentlikka o‘z nomzodini qo‘yganidan so‘ng OAV hamda ijtimoiy tarmoqlarda uning shaxsiy hayoti tafsilotlari keng muhokama qilinmoqda.

Omma siyosatchi singlisi va o‘lgan itining to‘rtta kloni bilan birga yashashini shunda bildi.

Foto: infobae.com

Saylov va g‘alaba

Argentinada prezidentlik saylovining birinchi bosqichi 2023 yil 22 oktyabr kuni bo‘lib o‘tdi. Saylovdan avval barcha Miley g‘alaba qozonishi mumkinligini taxmin qilgandi.

U birinchi bosqichda 30 foiz ovoz oldi. Mileyning raqibi, «Vatan uchun ittifoq» hukmron koalitsiyasidan nomzod bo‘lgan Argentina iqtisodiyot vaziri Serxio Massa esa 21,4 foiz ovoz oldi. Boshqa nomzodlarning ko‘rsatkichlari juda past bo‘ldi.

Birinchi turdayoq g‘alaba qozonish uchun nomzodlardan biri 50 foizdan ko‘p ovoz olishi kerak edi. Bu ish amalga oshmadi va 19 noyabr kuniga saylovning ikkinchi bosqichi o‘tkazilishi belgilandi.

Birinchi bosqichdan so‘ng Miley darhol saylovda 3-o‘rinni egallagan Argentina Ichki ishlar vazirligining sobiq rahbari Patrisiya Bulrich bilan uchrashdi.

Bu ayol sobiq prezident Maurisio Makri jamoasidan bo‘lib, uni Miley o‘tmishda fashist va sotsialist deb atagandi. Bulrich bilan uchrashuvdan so‘ng, Miley barcha pozitsiyalar bo‘yicha u bilan 90 foiz hamfikr ekanliklarini aytdi.

Shundan so‘ng Patrisiya Bulrich o‘z saylovchilarni ikkinchi turda Mileyga ovoz berishga chaqirdi. Ikkinchi bosqichda Miley 56 foizga yaqin ovoz to‘pladi va g‘alaba qozondi.

«Men Xaviyer Miley bilan bog‘lanib, uni tabrikladim va omad tiladim, chunki u argentinaliklarning ko‘pchiligi keyingi to‘rt yilga tanlagan prezident», - dedi Serxio Massa ovoz berishning rasmiy natijalari e’lon qilinishidan oldin.

Ko‘p o‘tmay Mileyni Lotin Amerikasidagi boshqa davlat rahbarlari va sobiq rahbarlar tabriklay boshlashdi. Endi u navbatdagi to‘rt yilda Argentinani boshqaradi. Inauguratsiya marosimi 10 dekabr kuni bo‘lib o‘tadi.

Saylovda g‘alaba qozongan Xaviyer Miley sahnada raqsga tushdi

Teleko‘rsatuvlar va ijtimoiy tarmoqlar orqali ommalashish

Uch yil avval Mileyga siyosatdan gapirishsa, «Bu iflos, arzon va ahmoqona san’at» deb javob berardi. Biroq ko‘p o‘tmay vaziyat o‘zgardi va u o‘zini katta siyosatga urdi.

Miley mashhurlikka ikki yil ichida erisha oldi. U mamlakatga asosan teleshoulardagi chiqishlari va raqiblarini qattiq tanqid qilish orqali tanildi.

Mileyni boshida turli teleshou va ko‘rsatuvlarga iqtisodchi sifatida taklif etishardi. O‘shanda u mamlakatdagi iqtisodiy holat bilan birga siyosat haqida ham gapirardi. Shunda odamlarga uning takliflari jo‘yali bo‘lib tuyula boshladi.

Miley o‘z siyosiy va iqtisodiy tahlillari bilan mamlakatda shu qadar ommalashdiki, uni «Televideniye studiyasidan chiqqan siyosatchi», «Instagram va TikTokʼdan prezidentlikka nomzod» deb atay boshlashdi.

Shu tariqa, 53 yoshli Xaviyer Miley katta siyosatga 2021 yilda kirib keladi va o‘sha yili iyul oyida u «La Libertad Avanza» («Erkinlik bosib kelmoqda») libertarian alyansiga asos soladi. Oktyabrda esa Buenos-Ayres tumanlaridan biridan parlamentga saylanadi.

U teleko‘rsatuvlardagi chiqishlarida nafaqat argentinalik siyosatchilarga nisbatan qattiq gapirardi, balki jonli efirda tez-tez baqirardi. Bu uni mamlakat bo‘ylab mashhur qila boshladi.

Miley ishtirok etgan ko‘rsatuvlardan uning alohida videolari, turli epizodlar kesib olinib, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilardi va ularni yuz minglab marta ko‘rishardi.

Siyosatchi saylovoldi tadbirlariga va telestudiyaga noyob Cadillac de Ville mashinasida kelardi. Bunaqa mashina faqat amerikalik mashhur qo‘shiqchi Elvis Preslida bo‘lgan.

Omma Mileyni sal g‘alatiroq ko‘rinishi tufayli ham tez eslab qolardi. G‘arb OAV uning ko‘rinishi ham Elvis Presli va «Rosomaxa» filmi bosh qahramoniga o‘xshashi haqida yozishgan. Uning bu imijini yordamchisi Liliya Lemuan o‘ylab topgan.

Miley sochini Elvis Presli uslubida o‘stiradi \ Foto: Reuters

Mileyning iqtisodiy qarashlari

Miley imijining asosiy elementi motorli arra bo‘lib, uning so‘zlariga ko‘ra, bu «mamlakatdagi muammolarni keskinlik bilan tubdan hal qilish»ni anglatadi.

Iqtisodchi sifatida sotsialistlar bilan yaqin hamkorlik qilishiga qaramay, Miley mamlakatdagi muammolarning asosiy sababchisi aynan shu mafkura deb hisoblaydi.

Uning fikriga ko‘ra, sotsializm «insonning ehtiyojlari bo‘lsa, ularni qondirishga haqli» degan qarashdan kelib chiqilsa, jozibali ko‘rinishi mumkin. «Ehtiyojlar cheksiz, biroq resurslar cheklangan», – deydi u.

Miley resurslar tanqisligi muammosini erkin bozor tamoyillari yordamida hal qilish mumkinligiga ishonadi.

Shuningdek u ham o‘zi tez-tez taqqoslanadigan Donald Tramp singari mamlakat siyosiy elitasini yangilamoqchi. U 2018 yildayoq iqtisodiy tahlillarida «So‘nggi yuz yil ichida siyosatchilar Argentinani boshi berk ko‘chaga tiqib qo‘yishdi. Siz keksa odamlar bilan yangi Argentinani yarata olmaysiz» degan edi.

Bu gaplari bilan u argentinalik yoshlarni o‘z tomoniga og‘dirishga muvaffaq bo‘ldi va bu saylovda g‘alaba qozonishiga qisman yordam berdi.

Mileyning fikricha, Argentinani qutqarish uchun eng birinchi chora milliy valuta pesodan voz kechish va AQSh dollariga o‘tish kerak. U hukmron siyosatchilar Markaziy bankdan pul chop etadigan mashina sifatida foydalanib kelganini aytadi va bankni yopib, yuqori inflatsiyaga chek qo‘yish mumkin deb hisoblaydi.

Miley 2000-yillar boshlarida milliy valutadan voz kechib dollarga o‘tgan Ekvador va Salvadorni misol qilib keltiradi. Ularning bu ishi muvaffaqiyat keltirgan va hozir har ikki mamlakatda inflatsiya juda past ko‘rinishda.

Miley Ekvador va Salvadorda sezilarli iqtisodiy o‘sishning yo‘qligini boshqa sabablar – xususan siyosatchilarning samarasiz ishlashi bilan izohlaydi.

Bundan tashqari, u davlatning iqtisodiyot va odamlar hayotidagi roli qanchalik kichik bo‘lsa, shuncha yaxshi, deb hisoblaydi. Shu sababli Miley o‘z saylovoldi targ‘ibotlarida turli vazirliklar va davlat xizmatchilari sonini qisqartirishni va’da qildi.

Foto: alamy.com

Miley birinchi navbatda Xotin-qizlar ishlari vazirligini tugatmoqchi. «Agar qonun oldida tenglik bo‘lmasa, vazirlik tuzish emas, o‘sha qonunni o‘zgartirish kerak» deydi Miley.

Uning fikricha, xotin-qizlar uchun alohida vazirlikning tashkil etilishi ayollarni obro‘sizlantiradi va ularning ahvolini hech qanday yaxshilamaydi.

Miley inson o‘z a’zolarini tasarruf etish huquqiga ega, deb hisoblaydi, lekin shu bilan birga u Argentinada 2020 yilda qonuniylashtirilgan abortga qarshi chiqadi.

«Ayollar o‘z tanasiga ega bo‘lish huquqiga ega, ammo bachadondagi bola tananing bir qismi emas. Shuning uchun abort qotillikdir» – deydi u. Saylovoldi targ‘ibotlarida agar g‘alaba qozonsa, abort masalasida referendum o‘tkazishga va’da bergan.

Dunyoning bir qator taniqli iqtisodchilari Mileyning iqtisodiy islohotlari oddiy yechim sifatida jozibador ko‘rinsa-da, yanada katta halokatlarni olib kelishi mumkin deb hisoblashadi.

Jumladan, taniqli iqtisod professorlari Tomas Piketti, Jayati Gosh va Branko Milanovich kabilan Mileyning saylovoldi takliflarini shunday baholagan.

Ularning fikricha, «davlat xarajatlarini sezilarli darajada qisqartirish allaqachon yuqori darajadagi qashshoqlik va tengsizlikni oshiradi va ijtimoiy keskinlikning jiddiy kuchayishiga olib kelishi mumkin».

«Xaviyer Mileyning dollarlashtirish va moliyaviy tejamkorlik bo‘yicha takliflari zamonaviy iqtisodiyotlar murakkabligi va tarixiy inqirozlar saboqlarini e’tiborsiz qoldiradi va allaqachon og‘ir tengsizliklarni kuchaytirish uchun eshiklarni ochadi», deb yozadi ular.

Saylovlarning birinchi bosqichi oldidan Reuters agentligi 125 nafar argentinalik ishbilarmonlardan Mileyning takliflari haqida qanday fikrda ekanliklarini so‘radi.

So‘rovda qatnashganlardan faqat ikkitasi dollarga to‘liq o‘tishni qo‘llab-quvvatlagan. Ko‘pchilik «pul o‘zgaruvchilarini sozlash va raqobatbardoshlikni saqlab qolish» uchun pesoni saqlab qolish muhimligini aytgan.

Xaviyer Mileyning Argentinada AQSh dollarini joriy etishini qo‘llab chiqqanlar \ Foto: BBC

So‘rovda qatnashganlarning fikricha, dollarga to‘liq o‘tish pul-kredit siyosati ta’sirini yo‘qotish demakdir. The Economist esa dollarga o‘tish mamlakat muammolarini hal qilish uchun yetarli emasligini ta’kidlaydi.

Shu bilan birga, Mileyning libertarian qarashlariga qo‘shilgan Amerika Kato instituti mutaxassislari, aksincha, pesodan zudlik bilan voz kechish kerakligini aytishadi. Ular Mileyning tanqidchilari aytayotgan bir nechta dalillarni rad etadi.

Tanqidchilar mamlakatda taqchillik yuzaga kelmasligi uchun aholida naqd dollar kerak bo‘lishini ta’kidlamoqda. Kato instituti mutaxassislariga ko‘ra, bir valutadan boshqasiga o‘tish jarayoni bir necha oy davom etadi va davlat bir kunda barcha valutaga muhtoj emas.

Miley g‘oyalariga qarshilar agar Argentinada peso o‘rniga AQSh dollari joriy etilsa, aholi banklardagi omonatlarini ommaviy ravishda yechib olishni boshlashini aytishadi.

Ammo Ekvador va Salvadorda dollarga o‘tilganda bunday hol ro‘y bermadi. Banklar barcha pullarni belgilangan kurs bo‘yicha avtomatik tarzda dollarga aylantirib qo‘yaverdi va aholi jamg‘armalari bilan bog‘liq hech qanday muammo yuz bermadi.

Argentinadagi iqtisodiy vaziyat

Argentina G‘arbiy yarimsharda hudud bo‘yicha Kanada, AQSh va Braziliyadan keyin 4-o‘rinda, aholi soni bo‘yicha AQSh, Braziliya, Meksika va Kolumbiyadan so‘ng 5-o‘rinda joylashgan.

Mamlakat hududi 2 mln 780 ming kilometr kvadrat bo‘lib, aholi soni 46 mln 400 ming nafardan oshiqroq.

Argentina agrar-industrial davlat bo‘lib, yalpi ichki mahsulot hajmi 408 mlrd dollarni tashkil etadi. Mamlakat g‘arb tomonda Chili bilan bir necha ming kilometrlik chegaraga ega. Uning sharqiy qismini Atlantika okeani suvlari yuvib turadi.

Argentina xalqaro savdo uchun juda qulay joyda joylashganiga qaramasdan mamlakat iqtisodiyot o‘sishi bo‘yicha ancha ortda qolmoqda. Bu yerda so‘nggi 30 yilda bir necha marta kuchli iqtisodiy inqiroz yuz berdi va mamlakat valutasi giperinflatsiyaga uchrab kelmoqda. 2022 yilda ham inflatsiya darajasi juda yuqori bo‘lgan.

Argentinada ilk iqtisodiy inqiroz 1990-yillar oxiri, 2000-yillar boshida sodir bo‘lgandi. Inqiroz 2001 yilda avjiga chiqadi va aholi norozilik namoyishlari boshlanadi.

Argentina dunyoda hududi jihatdan 8-o‘rinda, aholi soni bo‘yicha 32-o‘rinda turadi

Oxir-oqibat mamlakat rahbari iste’foga chiqadi va uning o‘rniga kelgan yangi rahbar defolt e’lon qiladi.

O‘shanda Argentinada pul keskin qadrsizlanadi. Narxlar juda oshib ketadi va mamlakatda kambag‘allar soni keskin ko‘payadi. Banklar va ularning ortidan yirik ishlab chiqaruvchilarning aksariyati kasod bo‘ladi.

2014 yilda Argentinada ikkinchi marta defolt yuz beradi. Bunga mamlakatning xalqaro kreditorlardan olgan qarzlarini qaytara olmay qolgani sabab bo‘ladi.

Biroq o‘sha paytda mamlakatga rahbarlik qilgan Kristina Kirshner defolt yuz berganini rad etadi va bu Argentinaga qarshi navbatdagi infoxuruj ekanini ta’kidlaydi. Biroq holat odamlarning turmush darajasida ko‘rinib, ochiq aks etib turgandi.

O‘shandan buyon qariyb 10 yil vaqt o‘tdi va Argentina iqtisodiyoti hanuzgacha o‘ziga kela olmayapti. Mamlakatda ishsizlik darajasi yuqori, kambag‘allar soni ko‘p.

Aksariyat tahlilchilar dunyoning yetakchi davlatlaridan biriga aylanishga salohiyati bor mamlakatning iqtisodiy inqirozda yurganini no‘noq boshqaruv bilan izohlashadi.

Xaviyer Miley ta’kidlaganidek, 30 yildan buyon Argentinani boshqarib kelgan siyosatchilarda uzoqni ko‘zlab tuzilgan rejaning o‘zi bo‘lmagan va ular muammolarni vaqtinchalik yechim bilan hal qilishga urinishgan. Bu esa vaziyatni battar og‘irlashtirgan.

Kechagi saylov natijasiga ko‘ra navbatdagi 4 yilda Argentinani Xaviyer Miley boshqaradi. U saylovoldi targ‘ibotlarida bergan va’dalarini bajarib, mamlakatni qoloqlik botqog‘idan olib chiqa oladimi yoki yo‘qmi, buni vaqt ko‘rsatadi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid