O‘zbekiston | 11:53 / 22.11.2023
11728
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda uy-joy uchun ijara narxlari pasaydi

Poytaxtda ijara narxlari o‘rtacha ta’mirlagan xonadonlar uchun 6-14 foizgacha, to‘liq ta’mirlangan uylar uchun esa 6-16 foizgacha arzonlashgan.   

Foto: Kun.uz

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) mutaxassislari 2023 yilning oktyabr oyida Toshkent shahrida uy-joy uchun ijara narxlarining o‘zgarishini tahlil qildi.

Joriy yilning o‘tgan oyida poytaxtda barcha turdagi xonadonlar uchun taklif etilayotgan ijara narxlari o‘tgan yilning mos davridagiga nisbatan arzonlashgan.  

O‘rtacha ta’mirlagan xonadonlar uchun ijara narxlari 6-14 foizgacha pasaygan.

Bir xonali xonadon uchun o‘rtacha ijara narxi 370 dollardan 348 dollarga (5,9 foizga) tushgan bo‘lsa, ikki xonali xonadonlar uchun 474 dollardan 437 dollarga (7,8 foiz), uch xonali xonadonlar uchun 611 dollardan 526 dollarga (13,9 foiz), to‘rt xonali xonadonlar uchun 729 dollardan 633 dollarga (13,2 foiz) arzonlashgan.

To‘liq ta’mirlangan xonadonlar uchun taklif etilayotgan ijara narxlari 6-16 foizgacha arzonlashgan. 

Xususan, ushbu turdagi bir xonali xonadon uchun o‘rtacha ijara narxi 557 dollardan 508 dollarga (8,8 foizga), ikki xonali xonadonlar 695 dollardan 651dollarga (6,3 foiz), uch xonali xonadonlar 867 dollardan 790 dollarga (8,9 foiz), to‘rt xonali xonadonlar 1102 dollardan 930 dollarga (15,6 foiz) tushgan.

“2022 yilda Toshkent shahriga relokantlar oqimining ko‘payishi hamda yangi o‘quv yili boshlanishi bilan talabalar tomonidan ijaraga bo‘lgan talabning oshishi natijasida o‘tgan yilning sentabr-oktyabr oylarida ijara narxlari sezilarli darajada oshib ketgan edi”, deyiladi xabarda.  

Ijara narxlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar olx.uz platformasidan veb skreping usulida to‘plangan.  

Mavzuga oid