Jahon | 23:25 / 24.11.2023
8984
2 daqiqa o‘qiladi

Isroil 39 nafar falastinlik mahbusni ozod qildi 

HAMAS tomonidan garovdagi 13 nafar isroillik ozod qilinganiga javoban Isroil qamoqxonalaridagi falastinliklar qo‘yib yuborildi. 

Isroil 39 nafar falastinlik ayol va o‘smirni qamoqxonadan ozod qildi. Bu haqda Qatar Tashqi ishlar vazirligiga tayanib Interfax xabar berdi.  

Avvalroq, HAMAS harakati garovdagi 13 nafar isroillik ayol va bolalarni qo‘yib yuborgani haqida xabar berilgan edi. 

Qatar TIV bergan ma’lumotga ko‘ra, HAMAS umumiy hisobda 24 nafar kishini Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasiga (XQXQ) topshirgan: ulardan 13 nafari Isroil fuqarosi, 10 nafari Tailand fuqarosi va 1 nafari Filippin fuqarosi. 

«Biz garovga olingan 24 kishi xavfsiz ozod qilinganini tasdiqlaganimizdan ko‘nglimiz ko‘tarildi», deyiladi XQXQ bayonotida. 

Isroil mudofaa kuchlarining (TsAHAL) xabar berishicha, ozod qilingan isroilliklar tibbiy markazlarga yetkaziladi va oilasi bilan uchrashish imkoniga ega bo‘ladi. 

Qayd qilinishicha, HAMAS Tailand fuqarolarini hech qanday sharsiz ozod qilishga rozi bo‘lgan. Isroilda 30 mingga yaqin tailandliklar istiqomat qiladi. 

Isroil va HAMAS o‘rtasidagi kelishuv shartlariga ko‘ra, 24 noyabrdan boshlab G‘azo sektorida kamida to‘rt kunga o‘t ochishni to‘xtatish rejimi amal qiladi. Shuningdek, G‘azoga insonparvarlik yordami yetkazilishi ko‘payadi. 

Bundan tashqari, har kuni 1/3 nisbatda garovga olinganlarni va Isroil qamoqxonalaridagi mahbuslar almashtiriladi. Birinchi bosqichda 50 nafar garovga olingan va 150 nafar mahbus ozod qilinadi, keyin tomonlar almashinuvni yana bir necha kunga uzaytirishga kelishib olishi mumkin.

Mavzuga oid