TsAHAL Ash-Shifo kasalxonasi direktorini qo‘lga oldi
Isroil Ash-Shifo kasalxonasi direktorini HAMAS jangchilari bilan hamkorlikda ayblamoqda.
Isroil mudofaa kuchlari (TsAHAL ) G‘azo sektoridagi eng yirik Ash-Shifo kasalxonasi direktori Muhammad Abu Salmiy va uning bir necha xodimlarini HAMAS jangchilari bilan hamkorlikda gumon qilib qo‘lga oldi, deb xabar berdi Jerusalem Post gazetasi payshanba, 23 noyabr kuni.
Abu Salmiy Isroilning umumiy xavfsizlik xizmati (Shin Bet) tomonidan qo‘lga olingan va u boshqargan kasalxonadan go‘yoki HAMAS qo‘mondonlik markazi sifatida foydalanilgani haqidagi turli ko‘rsatmalar va videolardan so‘ng so‘roqqa olib ketilgan.
«HAMAS guruhi shifoxona ostida qurgan tunnellarini mustahkamlash uchun ko‘plab resurslardan, jumladan, elektr energiyasidan foydalangan. Bundan tashqari, HAMAS harbiy buyumlarni kasalxonada va uning yaqinida saqlagan», — deya ma’lum qildi TsAHAL. Isroilga ko‘ra, 7 oktyabr kuni HAMAS hujumidan so‘ng guruh «kasalxonadan o‘z kuchlari uchun xavfsiz boshpana sifatida foydalangan va hatto o‘g‘irlab ketilgan isroillik garovga olinganlarni ham u yerga olib kelgan».
HAMAS JSST va Qizil Xoch bilan aloqaga chiqdi
Kasalxona direktorining hibsda qolishi haqidagi qaror «direktorning terrorchilik faoliyatiga aloqadorligini tekshirish va o‘rganish natijalariga ko‘ra» qabul qilinadi, deb xabar berdi TsAHAL va Shin Bet.
HAMAS Abu Salmiyning qo‘lga olinishini qoralab, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) va Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasini (XQXQ) uning ozod etilishini talab qilishga chaqirdi.
HAMASning Ash-Shifo kasalxonasidan foydalanishi
TsAHAL bir necha bor G‘azo mojarosi chog‘ida HAMASning yuqori martabali amaldorlari Ash-Shifo kasalxonasi ostidagi tunnellarga yashiringanini, shundan so‘ng majmuaning o‘zi yerosti harbiy bazasiga aylantirilganini bir necha bor ta’kidladi, deb eslatadi The Jerusalem Post.
HAMAS hujumiga javoban G‘azoda quruqlikdagi operatsiyani boshlagandan so‘ng, Isroil harbiylari kasalxonaga hujum qilib, uni nazoratga oldi, shifoxona ostidagi tunnellar va go‘yoki shifoxonadan harbiy maqsadlarda foydalanilganiga oid videolarni e’lon qildi.
Isroil-Falastin mojarosi
7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.
HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan.
Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi.
Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 14 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.
Mavzuga oid
07:50 / 23.10.2024
TSAHAL Nasrullohning ehtimoliy vorisi o‘ldirilganini tasdiqladi
09:10 / 22.10.2024
TsAHAL: «Hizbulloh» pullarini Livandagi shifoxona ostida yashirgan
15:00 / 21.10.2024
TsAHAL «Hizbulloh» razvedka markaziga hujum qildi
08:30 / 17.10.2024