Jahon | 22:04 / 25.11.2023
15079
2 daqiqa o‘qiladi

Argentinaning yangi prezidenti milliy valutani dollarga o‘zgartirish haqidagi fikrini o‘zgartirdi

Shunga qaramay, Markaziy bankni tugatish rejasidan qaytmadi.

Foto: Tomas Cuesta/Getty Images

Argentinaning yangi prezidenti Xaviyer Miley milliy valuta – pesoni dollarga almashtirish rejasidan voz kechdi. Bu haqda Financial Times (FT) o‘z manbalariga tayanib xabar berdi.

Miley prezident bo‘lgach, Argentina Markaziy bankiga rahbarlik qilishi kutilayotgan Emilio Okampo siyosiy kelishmovchiliklar tufayli lavozimdan voz kechgan. Bunga aynan pesoni dollarga almashtirish rejasi sabab bo‘lgan.

«U o‘zi rozi bo‘lmagan rejani amalga oshirish uchun Markaziy bankka bormaydi», dedi manba.

Xaviyer Miley 10 dekabrda prezident lavozimiga kirishadi. O‘zining saylovoldi kampaniyasida u Argentina iqtisodiy tizimini keskin isloh qilish tarafdori ekanini ma’lum qildi. Shu sababdan «arrali iqtisodchi» laqabini oldi.

Xususan, Miley mamlakat Markaziy banki va ko‘plab vazirliklarni, jumladan mehnat va ta’lim vazirligini tugatishni, shuningdek, iqtisodiyotni pesodan dollarga o‘tkazishni taklif qilgan edi.

24 noyabr kuni Miley ma’muriyati Markaziy bankni tugatish rejasidan voz kechmasligini yana bir bor ma’lum qildi. Ammo, iqtisodiyotni «dollarlashtirish» rejasini tilga olmadi.

Mavzuga oid