O‘zbekiston | 14:20 / 27.11.2023
6941
2 daqiqa o‘qiladi

BMT bosh kotibi o‘rinbosari Qoraqalpog‘istonga tashrif buyurdi 

Ibrohim Tiau Orol dengizining qurigan tubida amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishdi.

Foto: Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi

BMTning cho‘llanish to‘g‘risidagi konvensiyasi (CRIC-21) ijrosini ko‘rib chiqish qo‘mitasining 21-yig‘ilishi doirasida BMT bosh kotibi o‘rinbosari, Cho‘llanishga qarshi kurash konvensiyasi (UNCCD) ijrochi kotibi Ibrohim Tiau Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrif buyurdi.

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, Ibrohim Tiau Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq tumanida Orol dengizining qurib qolgan tubida o‘rmon ekish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari bilan tanishdi.

Tashrif davomida Mo‘ynoqda daraxt ko‘chatlari ekildi. Shuningdek, O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Orolbo‘yi xalqaro innovatsiyalar markazi direktori Baxitjon Habibullayev markaz tomonidan Orol dengizining qurigan tubini ko‘kalamzorlashtirish borasida qilinayotgan ishlar haqida taqdimot o‘tkazdi. 

Qator istiqbolli loyihalar doirasida 100 gektar maydonda cho‘lga, sho‘rga chidamli cherkez, qandim kabi o‘simliklarning ko‘rgazmali maydonchasi hamda Orol dengizining qurigan tubida 10 gektar maydonda ko‘chatxona ekish ko‘zda tutilganligi ta’kidlandi. 

2018–2022 yillarda Orol dengizining qurigan tubida 1,6 million gektar maydonda cho‘l o‘simliklari urug‘ini ekish va ko‘chatlar o‘tqazish yo‘li bilan «yashil qoplama» yaratildi. Bundan tashqari, 6,4 ming tonna himoya o‘rmon ko‘chatlari o‘tqazildi. O‘rmon plantatsiyalarini sifatli ko‘chatlar bilan ta’minlash maqsadida o‘rmon xo‘jaligi tomonidan har yili 100 gektar maydonda saksovul pitomniklari tashkil qilinmoqda.

Mavzuga oid