Jahon | 21:48 / 04.12.2023
11192
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Ukrainaga yordam berish uchun resurslar tugayotganini ma’lum qildi – OAV 

Yordam borasida kelisha olmaslik «Kiyevni jang maydonida tiz cho‘ktirishi» va Ukrainaning mag‘lub bo‘lish ehtimolini oshirishi ta’kidlanmoqda. 

Foto: Sergei Spinsky/AFP/Getty Images

Agar Kongress prezident Jozef Bayden ma’muriyatining qo‘shimcha mablag‘ ajratish so‘rovini ma’qullamasa, Qo‘shma Shtatlarda yil oxirigacha Ukrainaga moliyaviy yordam ko‘rsatish uchun mablag‘ yetishmay qoladi. Bu haqda Oq uy boshqaruv va budjet bo‘limi direktori Shalanda Yang so‘zlariga tayanib, Bloomberg xabar berdi. 

«Bu muammoni hal qilishga yordam beradigan sehrli tayoqcha yo‘q. Pulimiz tugab qoldi va vaqtimiz ham deyarli yo‘q», dedi Yang. 

Yang so‘zlariga ko‘ra, qo‘llab-quvvatlash borasida kelisha olmaslik «Kiyevni jang maydonida tiz cho‘ktiradi» va Ukrainaning mag‘lub bo‘lish ehtimolini oshiradi. Prezident ma’muriyati shu haftada 2023 yil oxirigacha mablag‘ ajratishdan bosh tortish oqibatlari haqida qo‘shimcha ma’lumot berishi kutilmoqda, deb ta’kidladi nashr. 

Oktyabr oyi oxirida Bayden Kongressga Ukrainaga 61,4 milliard dollar, shuningdek, Isroil mudofaasini mustahkamlash uchun 14,3 milliard dollar miqdorida moliyaviy yordam ko‘rsatish bo‘yicha so‘rov yuborgan edi. 

Biroq, Kongressda Kiyevga ko‘rsatilayotgan yordam hajmi borasida kelishmovchiliklar yuzaga kelgan. Oq uy va Pentagon Ukrainani qo‘llab-quvvatlash uchun resurslar deyarli tugab qolgani haqida bir necha bor xabar bergan. 

Ukrainaga moliyaviy yordam ko‘rsatish bilan bog‘liq muammolar Yevropa Ittifoqida ham kuzatilmoqda. 4 dekabr kuni Financial Times nashri yuqori martabali yevropalik mulozimiga tayanib, bir necha oy oldin va’da qilingan 50 milliard yevrolik yordam paketi bo‘yicha Yevropa Ittifoqi davlatlari haligacha kelishuvga erisha olmaganini xabar qildi.

Mavzuga oid