TIME jurnali Putinni «2023 yil odami» bo‘lishga nomzodlar ro‘yxatiga kiritdi
An’anaga ko‘ra, TIME yaxshi yoki yomon bo‘lishidan qat’i nazar yil davomida sarlavhalarni shakllantirgan shaxslar, konsepsiyalar yoki guruhlarni nomzodlar ro‘yxatiga kiritadi.
Amerikaning haftalik TIME jurnali «2023 yil odami»ni e’lon qilishga hozirlik ko‘rmoqda. Nashr har yili o‘tgan 12 oy ichida dunyoga eng katta ta’sir ko‘rsatgan shaxs, guruh yoki konsepsiyani tanlaydi.
1927 yildan boshlangan an’anaga ko‘ra, TIME yaxshi yoki yomon bo‘lishidan qat’i nazar yil davomida sarlavhalarni shakllantirgan shaxslar, konsepsiyalar yoki guruhlarni nomzodlar ro‘yxatiga kiritadi. Turli yillarda ro‘yxatga AQSh prezidenti Jo Bayden va vitse-prezident Kamala Xarris, kenja Martin Lyuter King, Germaniya kansleri Angela Merkel, Rim papasi Fransisk va ekologiya faoli Greta Tunberg kiritilgan.
2022 yilda TIME Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy va «Ukraina ruhi»ni «Yil odami» deb e’lon qilgan edi.
«2023 yil odami» 6 dekabr kuni e’lon qilinadi.
Bu yilgi nomzodlar 9 nafar bo‘lib, ular orasida Rossiya prezidenti Vladimir Putin ham bor.
TIME jurnalining qayd qilishicha, 1999 yildan beri Rossiyada hokimiyat tepasida bo‘lgan Vladimir Putin Ukrainada urush olib borishda davom etmoqda, bu esa keng ko‘lamli bosqindan keyin ikkinchi yildir. 2023 yilda «Vagner» qo‘zg‘oloni paytida Putin o‘z hokimiyatiga qisqa tahdid bilan duch keldi, ammo oxir-oqibat Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko vositachiligida kelishuvga erishgach, bir guruh yollanma askarlar chekindi. Bu esa uning ta’sirini kuchaytirdi. («Vagner» guruhi rahbari Yevgeniy Prigojin keyinchalik aviahalokatda vafot etdi). TIME jurnali Putinni 2007 yilda «Yil odami» deb topgan. Shuningdek, bir necha bor da’vogarlar ro‘yxatiga kiritgan, jumladan 2022 yilda ham.
Boshqa nomzodlar quyidagilar:
- «Hollivud hujumchilari» - yil bo‘yi ish tashlagan Hollivud yozuvchilari va aktyorlari. Ularning norozilik tadbiri oqibatida yangi va davom etayotgan shou va filmlarni ishlab chiqarish to‘xtab qoldi - bu shou-biznes sohasida kamdan-kam uchraydigan voqea;
- Si Jinping – Xitoy rahbari 2023 yilda o‘zining misli ko‘rilmagan uchinchi muddatiga saylandi va Xitoyning eng qudratli zamonaviy yetakchilaridan biri sifatidagi rolini mustahkamladi. Si Jinping dunyoning 100 nafar eng nufuzli shaxslarini e’tirof etadigan TIME100 ro‘yxatiga 10 martadan ko‘proq kiritilgan. U, shuningdek, TIME nashrining «2017 yil odami» tanlovida ikkinchi bo‘lgan;
- Teylor Svift - «Gremmi» mukofotiga sazovor bo‘lgan qo‘shiqchi ayol juda muhim yilni o‘tkazdi: o‘z albomlarini qayta chiqarib, rekord darajada daromad oldi. Shuningdek, tarixdagi eng muvaffaqiyatli film-konsertni taqdim qildi. U 2017 yilda jinsiy zo‘ravonlikka qarshi chiqqan Silence Breakers guruhi bilan birga «Yil odami» bo‘lgan edi;
- Sem Altman — nqilobiy ChatGPT asoschisi bo‘lgan OpenAI kompaniyasi bosh direktori lavozimini tark etib, misli ko‘rilmagan shov-shuvni ko‘tardi va yana ushbu lavozimga qaytdi. U ilgari TIME100 AI ro‘yxatiga, shuningdek, 2023 yilgi TIME100 ro‘yxatiga kiritilgandi;
- Trampga qarshi prokurorlar - Donald Tramp AQSh tarixida ayblov e’lon qilingan birinchi prezident bo‘ldi. U 90 dan ortiq ayblovlarni o‘z ichiga olgan to‘rtta alohida jinoyat ishi bo‘yicha ayblanmoqda. Florida, Jorjiya, Nyu-York va Vashington prokurorlari saylovga aralashish, maxfiy hujjatlarni noqonuniy saqlash va biznes yozuvlarini soxtalashtirish uchun unga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atdi;
- «Barbi» - muxlislar, ayniqsa, ayollar va qizlar Margo Robbi va Rayan Gosling ishtirokidagi yilning eng kutilgan filmi bo‘lgan «Barbi»ni tomosha qilish uchun kinoteatrlarga to‘planishdi. Rejissyor Greta Gervig suratga olgan asar 1,4 milliard dollar daromad keltirdi va yilning eng daromadli filmi bo‘ldi;
- Qirol Charlz III – o‘nlab yillar davomidagi kutishdan keyin Buyuk Britaniya va boshqa hududlarning asosiy monarxi taxtiga o‘tirdi. Uning onasi qirolicha Yelizaveta II 1952 yilda taxtga o‘tirganida «Yil odami» deb topilgan edi;
- Jyerom Pauell - 2018 yil fevral oyidan beri Federal zaxira tizimi raisi, foiz stavkalarini oshirish orqali Qo‘shma Shtatlarda yuqori inflatsiyani jilovlay oldi. Uning mehnati amerikaliklar va butun dunyo iqtisodiyotlari hamyonlarida sezildi. U ikki marta (2019 va 2020 yillarda) TIME100 ro‘yxatiga kiritilgan.
Mavzuga oid
12:57
Shols «tez orada» Putin bilan gaplashishga tayyorligini ma’lum qildi
07:55
WP: Tramp Putinga qo‘ng‘iroq qilib, Ukrainadagi urushni muhokama qildi
13:30 / 10.11.2024
Tramp yutsa urushni bir sutkada to‘xtatishni va’da qilgandi. U yutdi - xo‘sh?
23:26 / 09.11.2024