Gayana prezidenti Venesuelaning ehtimoliy bosqiniga tayyorgarlik ko‘rilayotganini e’lon qildi
Mamlakat mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlash uchun bir qancha ehtiyot choralarini ko‘rayotgani aytildi.
Gayana prezidenti Irfon Ali o‘z mamlakati Venesuela tomonidan bosib olinishi mumkin bo‘lgan Essekibo hududini himoya qilish uchun barcha zarur choralarni ko‘rayotganini aytdi.
«Biz bu tahdidni juda jiddiy qabul qilamiz va mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlash uchun bir qancha ehtiyot choralarini ko‘rdik», dedi Ali.
Uning qo‘shimcha qilishicha, mamlakat rasmiylari Essekiboni himoya qilish uchun ittifoqchilar va mintaqaviy hamkorlar bilan bog‘lanmoqda. Gayana qurolli kuchlari boshqa mamlakatlardagi hamkasblari bilan ham muzokaralar olib bormoqda, biroq prezident qaysi davlatlar ekaniga aniqlik kiritmadi.
Alining ta’kidlashicha, agar Venesuela «quyushqondan chiqishga» urinsa, mintaqa davlatlari javob berishga majbur bo‘ladi.
3 dekabr kuni Venesuelada referendum bo‘lib o‘tdi. Unda ishtirok etganlarning ko‘pchiligi Essekiboning Venesuela tarkibiga kirishi tarafdori bo‘lgani haqida xabar berildi. Venesuela hukumati va Milliy xavfsizlik kengashi ushbu referendum natijalarini amalga oshirish uchun bir qator ustuvor chora-tadbirlarni belgilab oldi.
Venesuela va Gayana yuz yildan ortiq vaqtdan beri Essekibo bo‘yicha bahslashmoqda. Venesuela uni har doim o‘ziniki deb hisoblagan, chunki mustamlakachilik davrida bu hudud zamonaviy Venesuelaning boshqa hududlari kabi Ispaniya qirolligiga tegishli edi. 1899 yilda, Gayana Britaniya mustamlakasi bo‘lganida, xalqaro arbitrlar Essekiboni Britaniya tarkibiga kiradigan chegaralarni tasdiqlashdi.
Venesuela hukumati fikricha, hozir mojaroni hal qilishning yagona yo‘li Gayana mustaqilligidan oldin Buyuk Britaniya bilan tuzilgan 1966 yildagi Jyeneva kelishuvidir.
Essekibo inqirozi 2015 yilda mintaqa qirg‘oqlari yaqinidagi Gayana hududiy suvlarida neft va gaz konlari topilganidan keyin yanada kuchaydi. Venesuela ham ushbu hududiy suvlarga da’vogarlik qiladi. 2023 yil sentabrida Gayana oltita xorijiy neft kompaniyasiga, jumladan Amerikaning ExxonMobil kompaniyasiga ushbu suvlarda burg‘ulash uchun ruxsatnoma berdi.
Mavzuga oid
20:37 / 24.10.2024
Saxarov mukofoti Venesuela demokratik harakati yetakchilariga berildi
21:35 / 15.10.2024
Maduro Ilon Maskni Venesuelada davlat to‘ntarishiga urinishda aybladi
19:56 / 13.10.2024
Venesuela hukumati jurnalistlarning xorijga chiqish pasportlarini tortib olayotgani ma’lum bo‘ldi
23:16 / 19.09.2024