O‘zbekiston | 07:40 / 08.12.2023
12293
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda piyodani urib ketgan avtobus haydovchisi 5 yilga qamaldi

Yakkasaroy tumanida 51 yoshli piyodani urib ketgan avtobus haydovchisiga nisbatan sud hukmi o‘qildi. U 2 yil muddatga transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum etilgan holda 5 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.

Foto: Toshkent shahar YHXB

2023 yil 19 iyulda Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida Yutong avtobusi urib ketgan piyoda vafot etgan. Yakkasaroy tuman sudida haydovchiga nisbatan sud hukmi o‘qildi.

Sud hujjatiga ko‘ra, 19 iyul kuni soat 16:30 da Bobur ko‘chasida avtobus haydovchisi A.D. chap tizmaga o‘tayotganda orqani ko‘rsatuvchi chap oynaga qarab, 2−3 soniya to‘g‘ri yo‘lga qaramasdan chalg‘ib qolgan. Shu vaqt yo‘ldan o‘tayotganda qatnov qismida belidan tushib qolgan ratsiyasini olish uchun o‘tayotgan G.K.ni urib yuborgan.

Yo‘l-transport hodisasi oqibatida piyoda olgan tan jarohatlari bilan tibbiy muassasaga olib borilgan. Biroq tibbiyot xodimlarining sa’y-harakatlariga qaramasdan u vafot etgan.

Sudda haydovchi qilmishidan pushaymon ekanini va aybiga to‘liq iqrorligini, shuningdek, piyodaning oila a’zolariga 8,3 million so‘m moddiy yordam berganini ma’lum qilgan. U suddan yengilroq jazo tayinlashni so‘ragan.

Yakunda sud sudlanuvchini Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismida (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish oqibatida odam vafot etishi) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topdi.

Unga nisbatan 2 yil muddatga muayyan huquqdan, ya’ni transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilgan holda 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazoni manzil-koloniyada o‘tashlik belgilandi.

Ma’lumot uchun, 2023 yilning sakkiz oyi davomida O‘zbekistonda 5772 ta yo‘l-transport hodisasi rasman qayd etilgan. Ularda 5448 kishi jarohatlangan, 1415 kishi halok bo‘lgan. 

Mavzuga oid