Jahon | 13:06 / 11.12.2023
6137
2 daqiqa o‘qiladi

Misrda uch kunlik prezidentlik saylovlari boshlandi

Prezident as-Sisi uchinchi muddatga prezidentlikka da’vogarlik qilmoqda. Hokimiyatga kelganidan beri prezident muxolifat bilan qattiq munosabatda bo‘lyapti.

Foto: Ammar Awad / Reuters

Misrda 10 dekabr, yakshanba kuni prezidentlik saylovlari boshlandi, u uch kun davom etadi. Davlat rahbari Abdul Fattoh as-Sisi uchinchi muddatga saylanyapti. Kuzatuvchilar uning qayta saylanishiga shubha qilmayapti. 2014 va 2018 yilgi saylovlarda as-Sisi, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 96 foiz ovoz bilan g‘alaba qozongan.

Uchta muqobil nomzodning g‘alaba qozonish imkoniyati deyarli yo‘q. As-Sisining eng jiddiy raqibi oktyabr oyida bosim ostida o‘z nomzodini qaytarib oldi. Ovoz berishning rasmiy natijalari 18 dekabr kuni e’lon qilinadi.

Tanqidchilar o‘n yilliklar davomida muxolifatchilarni bostirish kuzatilgani tufayli bu saylovlarni soxta jarayon deb atayapti. Shu bilan birga, davlat matbuoti ularni siyosiy plyuralizm sari qadam deb atadi va fuqarolarni saylov uchastkalariga kelishga chaqirdi.

Muxolifatning bostirilishi

2013 yilda «Musulmon birodarlar» harakatidan prezident Muhammad Mursiyni hokimiyatdan ag‘dargan Abdul Fattoh as-Sisi hokimiyatga kelganidan beri muxolifatni eng qattiq yo‘l bilan bostirmoqda. Minglab faollar va blogerlar terrorizmga qarshi kurash bahonasi bilan hibsga olingan.

106 million aholisi bo‘lgan Misr chuqur iqtisodiy inqirozda, surunkali mablag‘ yetishmasligidan aziyat chekmoqda va qo‘shni G‘azo sektoridagi qonli mojaroning o‘z hududiga tarqalishi oldini olishga harakat qilmoqda.

Mavzuga oid