O‘zbekiston | 15:54 / 11.12.2023
14079
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda avtobus yo‘lovchi tushishga ulgurmasdan yurib ketdi

Yo‘lovchi bosh qismidan jarohat olgan va qo‘li singan.

Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumanida avtobus yo‘lovchi tushishga ulgurmasdan harakatlanib ketdi. Bu haqda «Toshshahartransxizmat» AJ axborot xizmati xabar berdi.

Xabarga ko‘ra, 10 dekabr kuni soat 15:30 larda 5-avtobus saroyi filiali tasarrufidagi MAN rusumli, 50-sonli Yunusobod mavzesi 9 dahasi – Chingeldi mahallasi yo‘nalishida harakatlanayotgan avtobus Mirzo Ulug‘bek tumani, Qorasuv mavzesi, Mingbuloq  ko‘chasi, «Universam» bekatida yo‘lovchilarni to‘liq tushirib-chiqarib bo‘lmasdan harakatlanishi oqibatida avtobusga hali chiqib ulgurmagan yo‘lovchi (T.M.) yiqilib tushgan va tan jarohati olgan. 

Yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan joyga darhol tez-tibbiy yordam xodimlari chaqirilib, jabrlanuvchi RShTTYo markaziga olib borilgan va birinchi tez-tibbiy yordam ko‘rsatilib, tashxis qo‘yilgan. Tashxis natijalariga ko‘ra, yo‘lovchi yuz qismi peshonasidan yengil tan jarohati olgani hamda o‘ng qo‘li singani aniqlangan.

Hozirda ushbu yo‘l-transport hodisasi Toshkent shahar IIBB YHXB xodimlari tomonidan rasmiylashtirilib, dastlabki tergov va surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid