Markaziy bank asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirdi
Rasmiy relizga ko‘ra, 2024 yilda bazaviy prognoz shartlari doirasida inflatsiya darajasi 8-9 foiz oralig‘ida shakllanishi kutilmoqda. “Xalqaro savdodagi mavjud nobozor cheklovlar va fragmentatsiya fonida inflatsiyani oshiruvchi tashqi xatarlar saqlanib qolmoqda”, deyiladi Markaziy bank izohida.
Markaziy bank boshqaruvining 2023 yil 14 dekabrdagi yig‘ilishida asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirish bo‘yicha qaror qabul qilindi.
“Iqtisodiyotda inflyatsion jarayonlarning sekinlashib borishiga qaramasdan, ushbu tendensiyaning davomiyligi bo‘yicha noaniqliklar saqlanib qolmoqda. Yuqori yalpi talab sharoitida inflatsiyani 2025 yilda 5 foizlik target darajasigacha pasaytirish vazifasi nisbatan qat’iy pul-kredit sharoitlarini davom ettirishni taqozo etmoqda”, deyiladi Markaziy bank rasmiy relizida.
Ta’kidlanishicha, inflatsiya darajasi oktyabr-noyabr oylarida pasayib, yillik 8,8 foizni tashkil etgan. Ushbu pasayish o‘tgan yilgi yuqori baza ta’siri, import narxlari oshiruvchi hissasining kamayishi, yuridik shaxslar uchun energiya tariflari oshirilishi ta’sirining hali to‘liq yuzaga chiqmaganligi hamda nisbatan qat’iy pul-kredit sharoitlarining davom ettirilayotganligi bilan izohlangan.
Prognozlarga ko‘ra, 2024 yilda bazaviy prognoz shartlari doirasida inflatsiya darajasi 8-9 foiz oralig‘ida shakllanishi kutilmoqda. Ayni paytda, xalqaro savdodagi mavjud nobozor cheklovlar va fragmentatsiya fonida inflatsiyani oshiruvchi tashqi xatarlar hamda tartibga solinadigan narxlar bo‘yicha kutilayotgan navbatdagi tuzatishlar ta’sirlarining keyingi choraklarda namoyon bo‘lish ehtimollari saqlanib qolmoqda.
Bazaviy inflatsiya yil boshidan sekinlashish dinamikasini ko‘rsatib, noyabr oyida yillik 9 foizni tashkil etgan bo‘lsa-da, ayrim tovarlar bo‘yicha oshiruvchi bosimlar ta’siri kuzatilmoqda. Inflatsiyaning barqaror pasayishiga erishish ma’lum bir muddatni talab etadi.
Aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari joriy inflatsiya ko‘rsatkichlaridan yuqori darajada, 13-14 foiz atrofida shakllanishda davom etmoqda.
Global inflyatsion jarayonlar yaxshilanishining sekin kechayotganligi hamda jahon iqtisodiyoti rivojidagi kutilmalarning va xalqaro xomashyo bozorlaridagi narxlarning yuqori o‘zgaruvchanligi kelgusi choraklarda ham tashqi moliyaviy sharoitlar, xususan, tashqi resurslar hisobiga moliyalashtirish shartlarining qat’iyligicha qolishi borasidagi taxminlarni kuchaytirmoqda.
Iqtisodiy faollik asosan yuqori yalpi iste’mol talabi va xususiy investitsiyalarning o‘sishi hisobiga ta’minlanmoqda. Iste’mol talabini davlat xarajatlari va chakana kreditlash hajmlarining oshishi qo‘llab-quvvatlamoqda. Taklif tomonidan iqtisodiy o‘sishning drayveri, yalpi ichki mahsulot o‘sishining qariyb yarmini ta’minlovchi xizmatlar sohasi bo‘lib qolmoqda. Ish haqi va aholi real daromadlari o‘sishining ijobiy dinamikasi saqlanib qolishi kelgusida iste’mol faolligini qo‘llab-quvvatlaydi. Yuqorida keltirilgan omillar inflyatsion jarayonlarning barqaror pasayishini ta’minlash bilan bog‘liq xatarlar saqlanib qolayotganligini ko‘rsatmoqda.
“Markaziy bank boshqaruvi ushbu sharoitlarda inflatsiyaning maqsadli ko‘rsatkichiga erishish uchun nisbatan qat’iy pul-kredit siyosatini davom ettirishga qaror qildi”, deyiladi relizda.
Inflatsiyaning pasayib borishi holatida asosiy stavkaning o‘zgarishsiz saqlab qolinishi pul bozoridagi real foiz stavkalarining mo‘’tadil saqlanib qolishiga xizmat qiladi. Bu esa, kreditlash sur’atlarining muvozanatlashuvi sharoitida, jamg‘arish faolligida joriy dinamikaning saqlanib qolishiga xizmat qiladi hamda tashqi moliyalashtirishning qimmatlashuvi fonida ichki moliyaviy manbalardan kengroq foydalanish imkoniyatini oshiradi.
Milliy valutadagi depozitlar bo‘yicha yuqori real foiz stavkalari sharoitida bank depozitlari hajmining yuqori o‘sish sur’atlari davom etishi kutilmoqda.
Kelgusida uzoq muddatli narxlar barqarorligiga erishish budjet taqchilligi qisqarishi va iqtisodiyotga bozor tamoyillarini qo‘llash ko‘lamining kengayish sur’atlari bilan bog‘liqligi tobora dolzarb bo‘lib boradi.
Mavzuga oid
11:56
Turkiy davlatlar tashkiloti Markaziy banklari kengashi tashkil etiladi
18:34 / 08.11.2024
Markaziy bank 7 ta bank va 2 ta mikromoliya tashkilotini jarimaga tortdi
23:10 / 07.11.2024
O‘zbekiston oltin-valuta zaxiralari 43 mlrd dollardan oshdi
11:23 / 01.11.2024