Jahon | 14:46 / 14.12.2023
5621
3 daqiqa o‘qiladi

Skandinaviya davlatlari Ukrainani uzoq muddatli qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi

«Ukraina Rossiyadan yolg‘iz so‘z bilan o‘zini himoya qila olmaydi. Urushni qurolsiz yutib bo‘lmaydi», deyiladi Shimoliy Yevropaning beshta davlati rahbarlari maktubida.

Foto: NTB/Javad Parsa/REUTERS

Daniya, Norvegiya, Finlandiya, Shvetsiya va Islandiya Ukraina ittifoqchilarini Rossiyaning «noqonuniy va axloqsiz» urushiga qarshi birlashishga chaqirdi. «Rossiyaning davom etayotgan urushi qarshisida biz Ukrainani uzoq muddatli siyosiy, moliyaviy, harbiy va diplomatik qo‘llab-quvvatlash majburiyatini ikki barobar oshirishimiz kerak», — dedi Shimoliy Yevropa davlatlari rahbarlari chorshanba, 13 dekabr kuni Financial Times gazetasida chop etilgan qo‘shma maktubda.

Uni Finlandiya prezidenti Sauli Niinistyo, Daniya bosh vaziri Mette Frederiksen, Norvegiya bosh vaziri Yonas Gar Styore, Shvetsiya bosh vaziri Ulf Kristersson va Islandiya bosh vaziri Katrin Yakobsdottir imzoladi.

Ular hozir Ukraina, Yevropa va global xavfsizlik uchun «o‘ta muhim palla», shuning uchun qo‘llab-quvvatlashni susaytirish «ixtiyoriy emas» deb ogohlantirdi. «Rossiya bo‘linishdan foydalanishga intiladi. Biz Rossiya urushiga qarshi birlashgan frontni ko‘rsatishda davom etishimiz kerak, - deyiladi hujjatda. - Aks holda, o‘nlab yillar davomida dunyoda erkinlik va xavfsizlik kamroq bo‘ladi».

«Urushda qurolsiz g‘alaba qozonib bo‘lmaydi»

Shimolning beshta davlati rahbarlari, o‘z navbatida, Ukrainaga har tomonlama yordam ko‘rsatishni davom ettirishga va’da berdi. «Ukraina o‘zini Rossiyadan faqat so‘z bilan himoya qila olmaydi. Urushni qurolsiz yutib bo‘lmaydi», - deya ta’kidlagan maktub mualliflari.

«Ukraina o‘z hududini himoya qilishi va xalqaro miqyosda tan olingan chegaralari xavfsizligini ta’minlash uchun biz, Skandinaviya mamlakatlari Ukrainaga har tomonlama yordam ko‘rsatishda davom etamiz, jumladan, iqtisodiy va harbiy, tinch aholiga ustuvor gumanitar va moliyaviy yordam ko‘rsatishda», deb yozadi ular.

Zelenskiy Osloga tashrif bilan keldi

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 13 dekabr kuni ertalab kutilmagan tashrif bilan Norvegiya poytaxti Osloga keldi. «Ukraina-Shimoliy Yevropa» ikkinchi sammiti doirasida Norvegiya, Daniya, Islandiya, Finlandiya va Shvetsiya yetakchilari bilan muzokaralar o‘tkazish rejalashtirilgan, deb xabar berdi Zelenskiy o‘zining Telegram-kanalida. Uning so‘zlariga ko‘ra, tashrif dasturidan Norvegiya qiroli Xarald V oldida audiyensiya, Norvegiya parlamentiga tashrif, mahalliy siyosatchilar va tadbirkorlar bilan uchrashuvlar ham o‘rin olgan.

Zelenskiy so‘nggi bor 2023 yilning may oyida Helsinki sammitida Skandinaviya davlatlari rahbarlari bilan uchrashgan edi. Finlandiya prezidenti devoniga ko‘ra, Oslodagi sammit ushbu formatning davomi hisoblanadi. Norvegiya matbuotiga ko‘ra, bu Ukraina prezidentining Norvegiyaga ilk tashrifidir.

Mavzuga oid