Jahon | 15:46 / 16.12.2023
6815
2 daqiqa o‘qiladi

Germaniya Ukrainaga qishki yordam tayyorlamoqda

Germaniya texnik yordam xizmati Ukrainaga generatorlar, isitish moslamalari, uxlash uchun qopchalar, chodirlar va yashash uchun konteynerlar yuboradi.

Foto: AP

Germaniyada favqulodda vaziyatlar vazirligi funksiyalarini bajaruvchi THW (Technisches Hilfswerk) texnik yordam xizmati Ukraina uchun yangi gumanitar yordam partiyasini tayyorlamoqda. Germaniya tashqi ishlar va ichki ishlar vazirliklarining 15 dekabr, juma kuni e’lon qilgan qo‘shma bayonotida aytilishicha, u 500 ta generator, 900 ta isitish moslamasi, 1700 ta izolyatsiyalangan uyqu qopchasi, shuningdek, chodirlar va yashash uchun mo‘ljallangan konteynerlarni o‘z ichiga oladi. Ushbu ta’minotning umumiy qiymati 6,1 million yevroni tashkil qiladi.

Yangi qishki yordam paketini sharhlar ekan, Germaniya ichki ishlar vaziri Nensi Fezer THW allaqachon Ukrainaga 400 partiyadan ortiq yuk jo‘natganini ta’kidladi, bu - nemis tashkilotining eng yirik yuki. «Biz shoshilinch yordam kerak bo‘lgan joylarda yordam berishda davom etish niyatidamiz, - dedi vazir. - Ukrainalik o‘t o‘chiruvchilar, qutqaruv xizmatlari va FVVga yordam beramiz».

«Ko‘pchilik bozorlarga borib, sovg‘alar tayyorlayotgan bir paytda, Rossiya bu qishda Ukraina energetika tuzilmasiga qarshi urush olib borishda davom etmoqda. 20 daraja sovuqda issiqlik kommunikatsiyalarini yo‘q qilish va odamlarni sovuqdan o‘limga mahkum etish maqsadi ko‘zlangan», - deydi Germaniya tashqi ishlar vazirligi rahbari Annalena Berbok.

Avvalroq THW Ukrainaga 1300 ta kuchli generatorlar, 20 ta akkumulyatorlar, 120 ta avtomobillar, ekskavatorlar va boshqa ixtisoslashtirilgan mashinalar yuborgandi.

Mavzuga oid