AQSh Qizil dengizda kemalar xavfsizligini himoya qilmoqchi
Prosperity Guardian operatsiyasi Yaman huciychilarining Qizil dengizdagi kemalarga hujumi fonida boshlandi va 10 mamlakatni birlashtiradi, dedi AQSh mudofaa vaziri Ostin.
AQSh Yamandagi Eron bilan bog‘liq husiychi jangchilarning mintaqadagi yuk kemalariga hujumlari fonida Qizil dengizda navigatsiya erkinligi missiyasini boshlaydi. Bu haqda 18 dekabr, dushanba kuni AQSh mudofaa vaziri Lloyd Ostin bayonot berdi. Prosperity Guardian operatsiyasida AQShdan tashqari Bahrayn, Buyuk Britaniya, Ispaniya, Italiya, Kanada, Niderlandiya, Norvegiya, Seyshel orollari va Fransiya ishtirok etadi, dedi Pentagon rahbari.
Vaziyatning keskinlashishi «erkin savdoga tahdid soladi, dengizchilarni xavf ostiga qo‘yadi va xalqaro qonunlarni buzadi», dedi Ostin. Qizil dengiz muhim suv yo‘li va xalqaro savdoni osonlashtiradigan yirik savdo yo‘lagidir, deya ta’kidladi rasmiy Vashington.
Davlat departamenti husiychilarning tijorat kemalariga hujumlarini qoraladi
Ayni paytda, AQSh davlat kotibi Entoni Blinken Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vaziri shahzoda Faysal bin Farxon Ol Saud bilan telefon orqali suhbatda Yamandagi husiychi jangchilarining Qizil dengizdagi savdo kemalariga uyushtirgan hujumlarini qoraladi. Amerika diplomatiyasi rahbari dengiz xavfsizligini ta’minlash uchun barcha sheriklarni hamkorlik qilishga chaqirdi, deb xabar berdi Davlat departamenti.
Birgina 18 dekabr kuni Qizil dengiz janubida husiychilar tomonidan ikkita savdo kemasi - Swan Atlantic tankeri va M/V Clara yuk tashuvchi kemasi hujumga uchradi, deya ma’lum qildi AQSh Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM). Harbiylarga ko‘ra, qurbonlar haqida ma’lumot yo‘q.
Yirik yuk tashish kompaniyalari Suvaysh kanalidan foydalanmayapti
Har yili minglab kemalar Arabiston yarimorolining janubi-g‘arbiy yo‘nalishi va shimoli-sharqiy Afrika o‘rtasidagi Bob al-Mandeb bo‘g‘ozi orqali o‘tadi. Yamandagi Eronga aloqador husiychi jangchilar Isroil va HAMAS harakati o‘rtasida urush boshlanganidan beri bir necha bor Isroilga uchuvchisiz uchoqlar va raketalar uchirdi hamda Qizil dengizdagi kemalarga hujum qildi.
So‘nggi kunlarda to‘rtta yirik konteyner tashuvchi kompaniya, shu jumladan soha yetakchisi MSC endi o‘z kemalari bo‘g‘oz orqali suzib o‘tmasligini e’lon qildi. Yevropadan Osiyoga eng yaqin yo‘l bo‘lgan Suvaysh kanalidan foydalanish o‘rniga, ular Afrikani aylanib o‘tishga majbur bo‘lyapti, bu esa qo‘shimcha xarajatlar va kechikishlarga olib keladi.
Mavzuga oid
10:05
Trampning qaytishi: Ukraina masalasida AQSh va Yevropaning pozitsiyasi bo‘linadimi?
21:19 / 16.11.2024
Tramp Oq uy tarixidagi eng yosh matbuot kotibini tayinladi
15:52 / 16.11.2024
Amerikalik olimlar bioorganizmlarning “uchinchi holati”ni aniqladi
15:12 / 16.11.2024