Jahon | 16:24 / 20.12.2023
20130
11 daqiqa o‘qiladi

Isroil muzokaraga qaytmoqchi. HAMAS bunga qanday erishmoqda?

Jang maydonida ko‘zlangan natijalarga erishmayotgan, o‘z aholisi va global ittifoqchilarining kuchayib borayotgan noroziligi qarshisida qolgan Isroil Qatar bilan muzokaralarga qaytishga qaror qildi. Kun.uz “Geosiyosat” ruknida urushning joriy holatiga doir savollar bilan siyosatshunoslar Kamoliddin Rabbimov va Shavkat Ikromovga yuzlandi.

— Qatar va Isroil garovga olinganlarni ozod etish bo‘yicha muzokaralarni yana davom ettiradi. Isroilning muzokaraga qaytayotganiga sabab nima? Yoki HAMAS qanday qilib Isroilni bunga majbur qildi?

Shavkat Ikromov: — Urush boshlangandan beri Isroil hukumati HAMASni butunlay yo‘q qilish haqida gapiradi. Lekin urush boshlangandan beri taxminan 30 ming deyiladigan HAMAS askarlarining 5 mingtasi yo‘q qilingan, biroq bu ham tasdiqlangan ma’lumot emas. 18 ming tinch aholi o‘ldirildi, 50 mingdan ortiq g‘azolik yarador bo‘ldi. Ammo HAMASni yo‘q qilish bo‘yicha aniq natijalar bo‘lgani yo‘q.

Oxirgi voqealardan biri – isroillik asirlarning Isroil askarlari tomonidan adashib o‘ldirilishi mavjud noroziliklarni yanada ko‘paytirib yubordi. Bundan tashqari, xalqaro bosim ham kuchaygan. AQSh hukumati tezroq urushni tugatish to‘g‘risida jiddiy ogohlantirgan. Germaniya va Britaniya o‘q otishni to‘xtatishni so‘rayapti. Umuman, ichki va tashqi bosimlar sababli muzokaraga rozilik bildirilyapti.

Kamoliddin Rabbimov: — Insoniyat tarixidagi eng qadimiy urush usuli – partizanlik urushi. Bosib olingan hududdagilar katta kuchga ega bo‘lmasa, bunday paytda partizanlik urushi boshlanadi. Xuddi shunday urushlar Iroq va Afg‘onistonda bo‘ldi. Partizanlik urushida SSSR Afg‘onistonda, AQSh Viyetnamda, Iroqda yutqazdi. Ya’ni armiya qanchalik qudratli bo‘lmasin, partizanlik urushi cho‘zilib ketadigan va yutqaziladigan urush.

Isroil rostdan harbiy jihatdan qudratli. Ammo G‘azoda taxminlarga ko‘ra, 500 kilometrlik tunnellar qazilgan. Qolaversa, bu tunnellar juda sifatli, ayrim joylarida hatto mototsiklda harakatlanish mumkinligi aytiladi. HAMAS bu urushga yaxshi tayyorlangan.

Isroil uchun yana bir muammoli taraf shundaki, 2,5 millionlik g‘azoliklarda HAMAS loyihasidan o‘zga istiqbol mavjud emas. Xalqaro doirada HAMASni qanchalik terroristik tashkilot deyishmasin, g‘azoliklar uni qo‘llaydi. Taxminan 30 ming HAMAS askari bo‘lsa, ularda qurbon bo‘lganlar o‘rnini to‘ldiruvchi insoniy resurs mavjud. Isroil qanday strategiya bilan partizanlik urushiga javob berishni bilmaydi. Isroil HAMAS oxirgi 10 yilda tayyorlagan qopqonga tushgisi kelmaydi, ammo tushib bo‘ldi. HAMASni tashkilot sifatida yo‘q qilish juda qiyin, mafkura sifatida esa ilojsiz. Chunki Falastin xalqi uchun erkinlik loyihasini boshqa hech kim taqdim etmayapti.

— Isroilga tezkor g‘alaba kerak edi, lekin buni uddalay olmadi. Isroil yana qancha vaqt G‘azoda urush olib borishi mumkin?

Shavkat Ikromov: — Isroil tezkor g‘alaba haqida gapirgan edi, ammo bunday urushlarda tezkor g‘alaba qilish juda qiyin. Isroil hukumati HAMASni jismonan yo‘q qilib bo‘lmasligini allaqachon tushungan. Fransiya prezidenti Makron ham Isroil HAMASni yo‘q qilishni istasa, kamida 10 yil urushishi kerak, degandi. Bir necha oyda amalga oshadigan ish emas bu. Umuman, Isroil va HAMAS 2007 yildan beri kurashib keladi.

Kamoliddin Rabbimov: — Geosiyosiy kontekst ham bor. HAMASni qo‘llayotgan davlatlar bor, masalan Eron buni yashirmaydi, arab davlatlaridagi qudratli, badavlat kishilar ham bilvosita HAMASni qo‘llayotgan bo‘lishi mumkin. 11 sentabr voqealaridan oldin zakotlar bunday loyihalarga ochiqcha berilar edi, ammo bundan keyin ham bilvosita berilayotgani ehtimoli katta deyiladi.

Bundan tashqari, cheklab turuvchi omillar ham bor. Urush juda qimmat turadi, Isroilning urushdagi har bir kuniga bir necha o‘n yoki yuz million dollar mablag‘ ketadi, ikki oy urushish uchun esa 50-60 mlrd dollar kerak. Isroil qanchalik boy, AQSh va G‘arb qanchalik moliyalishtirmasin, bu baribir qimmatlik qiladi. Ukrainadagi holatni ko‘ryapmiz, Rossiya ham, Ukraina ham holsizlandi, G‘arb davlatlari ham o‘zidagi zaxirani berib bo‘ldi.

Global dunyoda davlatlarning reputatsiyasi juda qimmatli resurs, Isroil esa bundan anchagina mahrum bo‘ldi. G‘arbda ham Isroilga nisbatan munosabat salbiylashmoqda. Shu fonda muttasil urush olib borish Isroilga juda qimmatga tushyapti va buni inkor qilolmaydi.

— Isroil jamiyatining Netanyahu siyosatiga ta’siri xalqaro bosimdan ko‘ra kuchliroq rol o‘ynayaptimi?

Shavkat Ikromov: — Har ikkala ta’sir yuqori. Isroilliklar asirlarni ozod qilish uchun muzokara qilishga chaqiryapti. Ular tushundiki, HAMASdan harbiy yo‘l bilan asirlarni qaytarib olish imkonsiz. Isroil tomonidan ham harbiylar, tinch aholi o‘layotgani, xalqaro bosim kuchayib, salbiy munosabat ortib borayotgani uchun ham shuni talab qilyapti isroilliklar.

7 oktyabrda Isroilni qo‘llagan, unga hamdardlik bildirgan davlatlar bugun unday emas. AQSh, Germaniya, Fransiya, Britaniyaning chaqiriqlariga Netanyahu e’tibor bermagani uchun qo‘llov ham kamayib bormoqda. Dastlab Isroil yumshoqlik bilan tanqid qilingan bo‘lsa, hozir ochiqchasiga qoralanyapti.

AQSh yil oxiriga qadar urushni to‘xtatish kerakligini aytyapti. Agar yana davom etsa, AQSh hozirgiday katta yordam bermaydi, lekin baribir Isroilni qo‘llashga majbur AQSh, butunlay to‘xtatolmaydi yordamni.

— Ikki xalq uchun ikki davlat g‘oyasi Netanyahu davrida yo‘q bo‘lib ketayotgandek.

Kamoliddin Rabbimov: — Isroildagi o‘ng siyosatchilar harakati Netanyahudan oldinroq boshlangan edi, aslida. Umuman, Isroildagi o‘nglarda ham, so‘llarda ham Falastin davlati tashkil topishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha konsensus bor. Ular Falastin davlati tuzilsa, Isroil davlat sifatida majruhlanadi, degan norasmiy pozitsiyada turishadi. Millatchi qatlam esa ochiqchasiga biz g‘arbiy sohildagi yerlarni qaytarmaymiz, ular bizning tarixiy yerlarimiz, deyishadi. Isroil siyosiy elitasi ham yahudiylarni egallab olingan yerlardan chiqarmoqchi emas, chiqarmoqchi bo‘lsa ham, bu juda qiyin masala.

Isroilga real bosim qila oladigan yagona davlat – AQSh. Ammo AQShda bu borada ichki muammo ko‘p, ya’ni Isroilni qo‘llasa xam muammo, qo‘llamasa ham muammo bo‘laveradi. Demokratlar partiyasining so‘l vakillari AQSh Isroilni ortiqcha qo‘llayotganini aytadi, Isroilni deyarli fashistik davlat sifatida ko‘radi. Birgina shu Isroilni deb 2 milliardlik musulmon dunyosi bilan aloqalarni yomonlashtirmaslik kerak, deydigan siyosatchilar bor. Respublikachilar ichida esa Isroilni qo‘llovchi siyosatchilar juda ko‘p. Umuman, AQSh siyosiy elitasida yahudiylar ulushi katta.

— Urushdan keyin HAMASning mavjudligi va uning faoliyati qanday bo‘ladi?

Shavkat Ikromov: — Birinchidan, urush natijasida Isroil nimaga erishadi, degan savol bor. Ekspertlar Isroil HAMASni yo‘q qilish uchun 3 bosqichda urush olib borishi kerakligini aytadi. Birinchi o‘rinda HAMAS rahbariyati yo‘q qilinishi kerak, deyiladi, ammo Isroil buni 2007 yildan beri uddalay olgani yo‘q. Ba’zi paytda rahbariyat yo‘q qilingani haqida bayonotlar bergan, ammo HAMAS o‘zini juda tez tiklagan.

Ikkinchi bosqichda esa HAMASga alternativ guruhlarni qo‘llash orqali HAMAS ta’sirini tushirish kerak, deyiladi. Ammo bu ham qiyin masala. Uchinchi bosqichda, HAMAS mafkurasiga qarshi kurashish kerak, deyishadi. HAMASning mafkurasida diniy qarashlar va Isroil davlatini yo‘q qilish yotadi. Bu tomonlama HAMASni yo‘q qilish imkonsiz ish. Isroilliklarda biz qancha ko‘p G‘azodagilarni qiynasak, o‘ldirsak, tang ahvolga solsak, ularning HAMASga nisbatan ishonchi so‘nib boradi va qo‘llamay qo‘yadi, degan tafakkur bor.

Isroil ichida ham HAMASni yo‘q qilish haqida turli fikrlar bor. Ya’ni biz G‘azoni bosib olamizmi yoki HAMASning o‘rniga alternativ kuchlar kelishiga qo‘yib beramizmi, degan savol bor. Alternativ kuch deganda, sektor boshqaruvini Misr hukumatiga, Iordaniya hukumatiga o‘tkazish yoki BMT nazoratini o‘rgatish kabilar nazarda tutiladi. Yuridik jihatdan bu variantlarning imkoni bor. Ikki xalq uchun ikki davlat g‘oyasi esa Isroilni qoniqtirmaydi.

O‘tgan suhbatda aytganimizdek, HAMAS mudofaa urushi olib bormayapti. G‘azoliklarning 85 foizi o‘z uyini tark etgan, insoniy qurbonlar, infratuzilma talafotlari juda katta. Shunday bir sharoitda HAMAS nima qilmoqchi? HAMAS xalqaro hamjamiyatga Isroilni terrorchi davlat sifatida ko‘rsatmoqchi edi va bunga erishdi. Arab davlatlari va Isroil o‘rtasidagi munosabatlarni iliqlashtirish harakatlarini to‘xtatdi. Falastinning amaldagi ma’muriyatini obro‘sizlantirishga ham erishdi, G‘arbiy sohil va boshqa hududlarda hukumatga nisbatan norozilik kuchli. Global janub qo‘lloviga erishib, Falastin masalasini kun tartibiga chiqarmoqchi edi, bularga ham erishdi hozircha.

HAMAS keyingi 5-10 yil ichida mavjud bo‘ladimi-yo‘qmi, degan savolga javob beradigan bo‘lsak, agar Isroil taxminan 10 yilda yuqorida aytilgan 3 bosqichli urushni muvaffaqiyatli olib borsa, yo‘q qilishi mumkin. Ammo o‘z yeri, o‘z huquqi uchun kurashayotgan bunday guruhni yo‘q qilish hozircha imkonsiz ish.

Kamoliddin Rabbimov: — Bu urush HAMAS va Isroil haqidagi tasavvurlarni o‘zgartirdi. Urushgacha Isroil juda qudratli davlat, o‘tmishda ham birlashgan arab davlatlarini mag‘lub qilolgan, degan tafakkur bor edi. HAMAS esa bu konsensusni parchalab tashladi. Globallashgan dunyoda davlatlardan ko‘ra markazlashmagan, yashiringan, jamiyatdan oziqlanadigan tashkilot anchagina samarali va katta zarba bera olishi mumkin ekan, degan xulosani ko‘rsatdi. “Tolibon”, Iroqdagi bir qancha tashkilotlar ham buni ko‘rsatib bergandi, HAMAS ham buni takrorladi.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Mavzuga oid