Fan-texnika | 23:38 / 20.12.2023
34262
2 daqiqa o‘qiladi

NASA birinchi marta uzoq fazodan yuqori aniqlikdagi videoni Yerga uzatdi 

Lazer yordamida ma’lumot uzatilishi ancha istiqbolli ekani aniqlandi. Bu kelajakda odamlarni Marsga jo‘natishga yordam berishi kutilmoqda. 

Foto: NASA

Amerikaning NASA kosmik agentligi ma’lumotlar oqimi texnologiyalarini sinovdan o‘tkazish doirasida birinchi marta uzoq fazodan Yerga Ultra HD formatdagi videoni yubordi. 

15 soniyalik videoda xodimlardan birining Teyters ismli mushugi lazer ko‘rsatgich bilan o‘ynayotgani tasvirlangan. Video 13 oktyabr kuni Floridadan SpaceX Falcon Heavy raketasida uchirilgan «Psixeya» kosmik kemasiga oldindan yuklangan. 

Mushuk tasvirlangan video 11 dekabr kuni lazer yordamida deyarli 19 million mil (taxminan 30 million kilometr) masofadan Yerga uzatildi - bu Yerdan Oygacha bo‘lgan masofadan 80 baravar ko‘p. Video uzatish 101 soniya davom etdi. Signal Kaliforniyadagi Xeyl teleskopi tomonidan qabul qilindi, so‘ngra har bir kadr Reaktiv harakatlar laboratoriyasga (JPL) yuborildi, u yerda video real vaqt rejimida to‘liq ijro etildi. 

Loyiha rahbari Rayan Rogal so‘zlariga ko‘ra, millionlab kilometr masofaga qaramay, uzoq fazodan signal uzatish tezligi Internet orqali uzatishdan tezroq bo‘lgan. 

Lazerli video oqim NASA tomonidan kelajakdagi odam missiyalarini Yer orbitasidan tashqarida amalga oshirish imkonini beruvchi muhim bosqich sifatida baholanmoqda. 

«Ushbu sinov keyingi ulkan sakrash - odamlarni Marsga jo‘natishni qo‘llab-quvvatlash uchun yuqori tezlikdagi aloqalarga yo‘l ochadi», deyiladi NASA xabarida.

Mavzuga oid