O‘zbekiston | 10:16 / 20.12.2023
2569
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Tailand sayyohlarga turli imtiyozlar taqdim etishni rejalashtirmoqda

Tailandning Phuket provinsiyasi ma’muriyati Samarqand shahri bilan sheriklik aloqalarini o‘rnatishga qiziqish bildirmoqda.

Foto: Dunyo AA

O‘zbekistonning Bangkok shahridagi bosh konsuli Faxriddin Sultonov Tailandning Phuket provinsiyasi gubernatori Sophon Suvannarat bilan uchrashuv o‘tkazdi.

«Dunyo» xabariga ko‘ra, muloqotda, shuningdek, Tailand TIV, Phuket Savdo-sanoat palatasi, Turizm assotsiatsiyasi, huquq-tartibot idoralari va mahalliy OAV vakillari ishtirok etdi.

Tailand tomoniga mamlakatda xorijiy investorlar va xalqaro savdo uchun yanada qulay sharoitlar yaratish borasida amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi. O‘zbekiston va Tailand o‘rtasida o‘zaro savdoni rivojlantirish, sayyohlarni jalb etish maqsadida ularga turli imtiyozlar taqdim etish bo‘yicha rejalar ta’kidlandi.

O‘zbekiston va Tailand o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va konsullik sohalarida ikki tomonlama aloqalarni kengaytirish va hududlararo munosabatlarni o‘rnatish masalalari muhokama qilindi.

Samarqand va Phuket o‘rtasida birodarlashgan shaharlar to‘g‘risida memorandum imzolash, Tailandning musulmon aholisi uchun O‘zbekistonga ziyorat turizm turlarini ishlab chiqish, mazkur provinsiyasida mamlakatimiz faxriy konsulini tayinlash muloqotning asosiy mavzulari bo‘ldi.

Uchrashuv yakunida 2024 yilda Phuket turizm ma’muriyati, mahalliy avia va sayyohlik kompaniyalari, mehmonxona tarmoqlari vakillarining O‘zbekistonga amaliy safarini tashkil etish to‘g‘risida kelishib olindi.

Mavzuga oid