Jahon | 08:04 / 21.12.2023
4729
4 daqiqa o‘qiladi

FT: AQSh Rossiya MBning muzlatilgan aktivlarini Ukrainaga bermoqchi

Rossiyadan yetkazilgan zararni qoplash uchun «avans» sifatida Rossiya Federatsiyasi Markaziy bankini mablag‘larini Kiyevga o‘tkazish taklif qilinmoqda. Amerika rasmiylarining fikricha, Rossiya har qanday holatda ham Ukrainaga tovon to‘lashi kerak, deb yozadi Financial Times.

Foto: K. Schmitt/Fotostand/picture alliance

Amerika rasmiylari Ukrainaga Rossiya Federatsiyasi Markaziy bankining Yevropada muzlatilgan aktivlarini urushdan yetkazilgan zararni qoplash uchun «avans» sifatida berishni taklif qilmoqda, ularning fikricha, Rossiya har qanday holatda ham Ukrainaga tovon to‘lashga majbur bo‘ladi, deb xabar qildi Britaniyaning The Financial Times gazetasi 20 dekabr, chorshanba kuni. U AQSh G7 mamlakatlariga muhokama qilish uchun taqdim etgan hujjatlardan biriga tayangan. Shu bilan birga, Qo‘shma Shtatlar, FT ta’kidlaganidek, muzlatilgan Rossiya mablag‘larini musodara qilishni ochiq qo‘llab-quvvatlamaydi. 

AQSh rasmiylariga ko‘ra, aktivlarni topshirish xalqaro qonunlarga mos keladigan «qarshi chora» bo‘lishi mumkin, bu «Rossiyani to‘xtatishga undaydi». Vashington fikricha, Rossiya Federatsiyasi Markaziy bankining muzlatilgan aktivlari Ukrainaga transhlarda, masalan, Jahon banki yoki Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) orqali o‘tkazilishi mumkin. 

Xavfli huquqiy oqibatlar 

Financial Times ta’kidlashicha, Rossiya aktivlarini musodara qilish g‘oyasi huquqiy oqibatlarga olib keladi, chunki Rossiya Federatsiyasi Markaziy bankining muzlatilgan zaxiralari xalqaro huquq bilan himoyalangan. Ular bilan biror narsa qilish Xitoy yoki Saudiya Arabistoni kabi mamlakatlarga ularning yevro yoki dollardagi aktivlari xavf ostida bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi. 

Shu bilan birga, yevropalik rasmiylar oqibatlardan xavotirda, chunki muzlatilgan Rossiya aktivlarining aksariyati YeI hududida joylashgan. Rasmiylardan birining so‘zlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqining «yo‘qotadigan narsasi bor». FT tanishib chiqqan Yevropa komissiyasining hujjatiga ko‘ra, G7 mamlakatlari, YeI va Avstraliyada Markaziy bankning 260 milliard yevro miqdoridagi aktivlari muzlatilgan. Shu bilan birga, asosiy qismi – qariyb 210 milliard yevro YeIda, shu jumladan naqd pul va davlat obligatsiyalari ko‘rinishida saqlanadi. 

Maxsus ishchi guruh

Oktyabr oyida Amerikaning The Washington Post (WP) gazetasi Amerikaning yuqori martabali amaldorlari G‘arb davlatlarini Ukrainaga yordam berish uchun Rossiya Federatsiyasi Markaziy bankining muzlatilgan aktivlaridan foydalanishga faolroq chaqira boshlaganini yozgan edi.

Bu imkoniyatni muhokama qilish uchun Yevropa Ittifoqi maxsus ishchi guruh tuzdi, biroq Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya aktivlarini musodara qilish uchun qonuniy asos topa olmadi.

Keyin ishchi guruh Rossiya mablag‘laridan vaqtincha foydalanish imkoniyatlarini o‘rganishga e’tibor qaratdi, ulardan biri foyda olish uchun aktivlarni qayta investitsiya sifatida yo‘naltirishni o‘z ichiga oldi va keyinchalik Ukrainani qayta tiklash uchun ishlatilishi mumkin edi. Biroq, bu variant, ishchi guruhga ko‘ra, «katta huquqiy to‘siqlarga» ega hamda Yevropa Ittifoqining moliyaviy barqarorligiga putur yetkazishi mumkin. 

Mavzuga oid