Toshkentda “lizingchilar” yuzlab fuqarolarni bir necha mlrd so‘mga chuv tushirdi
Toshkent shahrida faoliyat turi yengil avtomobillar ijarasi va lizingi bo‘lgan MChJ mansabdorlariga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Ular yuzlab fuqarolarning katta miqdordagi pulini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganlikda gumonlanmoqda. Toshkent shahar IIBBga ko‘ra, gumonlanuvchilarning biri qamoqqa olingan, qochib ketgan uch nafariga esa qidiruv e’lon qilingan.
Toshkent shahrida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan “Mega Auto Leasin” hamda “Mega Car Leasin” MChJlarining mansabdorlari mashina olib berish maqsadida respublikaning turli hududlarida yashovchi yuzlab fuqarolar bilan shartnoma imzolagan. Ammo ular tomonidan shartnoma shartlari bajarilmagan. Fuqarolarga yetkazilgan zarar bir necha mlrd so‘m ekani aytilmoqda.
“2023 yilning 13 iyul kuni Lada Largus olish maqsadida “Mega Auto Leasin” MChJ bilan shartnoma tuzdim. Oldin to‘lov sifatida jamiyat hisobraqamiga 139 mln so‘m to‘ladim. Shartnoma bo‘yicha menga 120 ish kunida mashinani keltirib berishlari kerak edi. Lekin shuncha vaqt o‘tib ketdi hamki, mashinadan darak yo‘q”, deydi Kun.uz’ga murojaat qilgan Jumaqul Eshmurodov.
Aldanganini bilgan Eshmurodov va boshqalar bu haqda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilishgan. Holat yuzasidan “Mega Auto Leasin” hamda “Mega Car Leasin” MChJlar mansabdorlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
“MChJlar ofisi yopilgan, eshigiga faoliyat yuritmayotgani haqida ma’lumot ilib qo‘yishgan. Jabrlanuvchilarga yetkazilgan zarar taxminan 5-6 mlrd so‘m. Ammo huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining bizga ochiqlashicha, MChJlar hisobraqamida 800 mln so‘m atrofida mablag‘ bor ekan. O‘z shaxsiy manfaatlariga ishlatib yuborishibdi. Endi bizga yetkazilgan zararni qayerdan qoplab berishi hozircha noma’lum”, deydi yana bir murojaatchi.
Ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, “Mega Auto Leasin” MChJ 2022 yil 23 sentabr kuni davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. MChJga M.A. hamda Sh.R. 50 foizlik ulushdan egalik qiladi.
M.A. bundan tashqari faoliyat turi yengil avtomobillar va yengil motorli transport vositalari ijarasi va lizingi bo‘lgan 2 ta MChJga egalik qiladi: 2023 yil 21 iyulda tashkil etilgan “Mega Auto Lizing” MChJ va 2022 yil 27 yanvarda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan “Mega Auto Leasin-Hamkor” MChJ (50 foiz ulush bilan).
“Mega Car Leasin” MChJ esa 2023 yil 25 iyul kuni davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Mazkur MChJ ta’sischisi yuz foizlik ulush bilan Sh.R. hisoblanadi.
Kun.uz holatga izoh olish maqsadida Toshkent shahar IIBB bilan bog‘landi. Boshqarma matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, mazkur MChJ mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a” bandi, 189-moddasi (savdo va xizmat ko‘rssatish qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, Chilonzor tumani IIO FMB tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
“Gumon qilinuvchi M.A.ga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. 3 nafar gumon qilinuvchilar – A.P., J.S. va R.Sh. tergov organlaridan qochib yashiringanliklari sababli ularga nisbatan sirtdan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilib, qidiruv e’lon qilingan. Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari davam etmoqda. Tergov yakuni bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi.
Agar fuqarolar ushbu MChJ mansabdor shaxslaridan jabr ko‘rgan bo‘lishsa IIOga murojaat qilishlari mumkinligini ma’lum qilamiz”, deyiladi Toshkent shahar IIBB ma’lumotida.
Mavzuga oid
15:11 / 05.11.2024
Xususiy tadbirkorlar olib kirayotgan mashinalar uchun yana bir yangi tartib joriy qilindi
14:37 / 30.10.2024
Toyota avtomobillarini ishlab chiqarish hajmi ketma-ket sakkizinchi oy pasaydi, sotuvlar ham qisqardi
18:54 / 25.10.2024
O‘zbekistonda sotilgan eng qimmat va antikvar avtomobil haqida ma’lumot berildi
15:54 / 24.10.2024