Jahon | 15:08 / 25.12.2023
8866
5 daqiqa o‘qiladi

Nabiullina: SWIFT’dan uzilish va aktivlarning muzlatilishi og‘riqli

Rossiya Federatsiyasi Markaziy banki rahbari mamlakat moliya sektoriga eng og‘ir ta’sir qilgan G‘arb sanksiyalarini sanab o‘tdi.

Foto: Russian Central Bank/SNA/IMAGO

Rossiyaning SWIFT xalqaro to‘lov tizimidan uzilishi Rossiya moliya sektori uchun haligacha hal etilmagan muammo bo‘lib qolmoqda, dedi Rossiya Federatsiyasi Markaziy banki rahbari Elvira Nabiullina RBK’ga bergan intervyusida. Nabiullinaning Ukraina urushi boshlanganidan beri deyarli ikki yil ichida bergan birinchi intervyusi nashr saytida 25 dekabr, dushanba kuni chop etildi.

Rossiya banki rahbarining so‘zlariga ko‘ra, regulyator Ukraina urushi boshlanganidan keyin G‘arb davlatlari tomonidan Moskvaga nisbatan qo‘yilgan ayrim cheklovlarga tayyor edi. U buni Markaziy bank 2014 yildan, Qrimdagi voqealar ortidan xalqaro bosimga duch kelganidan beri sanksiyalarni kuchaytirish xavfini baholagani bilan izohladi. Shunga qaramay, ba’zi yangi cheklovlar moliya sektori uchun Rossiya Federatsiyasi haligacha hal qila olmagan muammolarni keltirib chiqardi. 

Nabiullinaga ko‘ra, ulardan birinchisi - Rossiyaning SWIFT’dan uzilishi. Garchi bu tahdid 2014 yildan beri mavjud bo‘lib, Rossiya Federatsiyasi unga qarshi milliy to‘lov infratuzilmasini qurgan bo‘lsa-da, muammo aynan transchegaraviy o‘tkazmalarning mumkin emasligida bo‘ldi. «Ha, zanjirlar qurilmoqda, ular doimo o‘zgarib turadi, ammo bu hali ham ko‘plab korxonalar uchun muammo bo‘lib qolmoqda», - deb iqtibos keltiradi RBK Rossiya Federatsiyasi Markaziy banki rahbaridan. 

Rossiya banki va rossiyalik investorlarning zaxiralari muzlatilishi - og‘riqli mavzu 

Nabiullinaning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Markaziy bankining xorijdagi zaxiralarini muzlatish «barcha markaziy banklar uchun juda salbiy signalga aylandi, chunki bu zaxira xavfsizligining asosiy tamoyillarini buzishdir». Rossiya sanksiyalarning salbiy oqibatlarini 2022 yil bahorida qabul qilingan maxsus valuta kursi va valutani sotish cheklovlari yordamida kamaytirishga muvaffaq bo‘ldi. 

«Juda og‘riqli mavzu jismoniy shaxslarning aktivlarini bloklash va muzlatish bo‘ldi - sanksiyalarga duchor bo‘lmagan, ammo aktivlari muzlatib qo‘yilgan millionlab odamlar», - deya qo‘shimcha qildi Nabiullina. 

Uning ta’kidlashicha, Rossiya sanksiyalar bosimi kuchaytirilishiga tayyor bo‘lishi kerak, hatto «yil juda yaxshi bosib o‘tildi va endi hech narsadan qo‘rqish yo‘q», deb o‘ylash mumkin bo‘lsa ham.

Bundan tashqari, so‘nggi haftalarda G‘arb mamlakatlarida Rossiya Federatsiyasining muzlatilgan aktivlarini musodara qilish haqidagi munozaralar kuchaygan. Xususan, Germaniya Moskva birjasiga tegishli 720 million yevroni musodara qilish imkoniyatini o‘rganmoqda. Amerika Qo‘shma Shtatlari va uning ittifoqchilari Rossiya aktivlariga nisbatan xuddi shunday harakatlarni muhokama qilmoqda, deb yozadi The New York Times. Gap Ukrainaga harbiy yordamga sarflanishi rejalashtirilgan 300 milliard dollardan ortiq mablag‘ haqida ketmoqda. 

Yevroittifoq yanvardan boshlab Rossiyadan olmos importini taqiqlaydi 

Dekabr oyi boshida YeI davlatlari Rossiya Federatsiyasiga qarshi «Ukrainada urush olib borish qobiliyatini yanada zaiflashtirish» uchun mo‘ljallangan 12-sanksiya paketini qabul qilish to‘g‘risida kelishib oldi. 

Yangi cheklovchi choralar qatoriga 1 yanvardan boshlab Rossiya Federatsiyasidan olmos importini bosqichma-bosqich taqiqlash, shuningdek, Yevropa kompaniyalaridan Rossiya neftiga nisbatan G‘arb davlatlari tomonidan joriy etilgan «narx chegarasi»ga rioya qilishi to‘g‘risida dalillar taqdim etish talabi kiradi.

Rossiyaning «Interfaks» axborot agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi Rossiya Federatsiyasi uchun olmos savdosining asosiy bozori bo‘lgan. Rossiya uchun olmos eksportidan olingan daromadning umumiy hisobi yiliga 4 milliard yevroni tashkil etgan, birgina Belgiyaning o‘zi ularni Rossiyadan 1,8 milliard yevroga sotib oldi. 

Mavzuga oid