Iqtisodiyot | 10:09 / 27.12.2023
26100
2 daqiqa o‘qiladi

Valuta operatsiyalarini amalga oshirish qoidalariga o‘zgartirishlar kiritilmoqda

Markaziy bank boshqaruvining qarori bilan O‘zbekistonda valuta operatsiyalarini amalga oshirish qoidalariga o‘zgartirishlar kiritilmoqda. 

Foto: Kun.uz

Xususan, ichki valuta operatsiyalariga qimmatli qog‘ozlar bozorining uyushgan savdolarida norezidentlar tomonidan, shu jumladan birja brokerlari va investitsiya vositachilari orqali aksiyalar va obligatsiyalarni (Markaziy bank obligatsiyalari bundan mustasno) sotish va sotib olish bilan bog‘liq o‘tkazmalar kirishi belgilanmoqda.

Maxsus valuta hisobvarag‘iga mijoz tomonidan sotib olingan, shuningdek, ushbu hisobvaraqdan ilgari chiqarilib, foydalanilmagan yoki boshqa sabablarga ko‘ra qaytarilgan chet el valutasi ham kirim qilinadi.

Maxsus valuta hisobvarag‘idan ilgari chiqarilgan va foydalanilmagan, shuningdek boshqa sabablarga ko‘ra qaytarilgan chet el valutasi ham 3 bank ish kuni mobaynida tijorat banklariga qayta sotilishi yoki buyurtmada ko‘rsatilgan maqsadlar uchun takroran o‘tkazib berilishi lozimligi haqidagi norma bekor qilinmoqda.

Shu bilan birga, bank mijozi tomonidan sotib olingan (shu jumladan foydalanilmagan yoki qaytarilgan) valuta mablag‘lari mijozning maxsus valuta hisobvarag‘iga kiritilgan vaqtdan e’tiboran yetti bank ish kuni mobaynida foydalanilishi yoki ushbu muddat tugagandan keyingi bank ish kunidan kechiktirilmagan holda tijorat bankiga qayta sotilishi shart.

Mavzuga oid