Jahon | 09:12 / 28.12.2023
8816
5 daqiqa o‘qiladi

Kiyev G‘arb yordamisiz maoshlar to‘lanmasligi xavfi borligi haqida ogohlantirdi

Yangi yilda Rossiya Federatsiyasi bilan urishayotgan mamlakat ish haqi va pensiyalarni to‘lash uchun 34 milliard yevro miqdorida tashqi yordamga muhtoj, dedi Ukraina Iqtisodiyot vazirligi rahbari. Agar yordam bo‘lmasa, ushbu to‘lovlarni kechiktirish kerak bo‘ladi.

Foto: Frank Hammerschmidt/dpa/picture alliance

Ukrainaga G‘arb davlatlaridan tashqi moliyaviy yordam ko‘rsatilmasligi 500 ming davlat xizmatchisi va 1,4 million o‘qituvchining maoshi, shuningdek, 10 million pensionerga beriladigan to‘lovlar kechikishiga olib kelishi mumkin, deya ogohlantirdi mamlakat iqtisodiyot vaziri Yuliya Sviridenko 27 dekabr, chorshanba kuni chop etilgan Financial Times (FT) nashriga bergan intervyusida.

Kiyev birinchi navbatda mudofaa va qarzga xizmat ko‘rsatishga e’tibor qaratadi, bu esa «ayrim ijtimoiy tarmoqlarning yetarli darajada moliyalashtirilmasligi bo‘yicha katta xavf tug‘diradi», deb tushuntirdi vazir. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina o‘zining eng yaqin ittifoqchilaridan va’da qilingan mablag‘ o‘tgan yili yetib kelmagani haqidagi ma’lumotdan keyin davlat xizmatlari va nafaqalar uchun pul yig‘ishga harakat qilmoqda. Kelgusi yilda mamlakat to‘lov masalalarini hal qilish uchun 37 milliard dollar (34 milliard yevro) miqdorida tashqi yordamga muhtoj. 

Sviridenko Yevropa Ittifoqi fevral oyida yordam ma’qullashini va mart oyi oxirigacha mablag‘ ajratishini kutmoqda. Ammo u bu yetarli bo‘lmasligini ham ta’kidladi. «Hamkorlarning qo‘llab-quvvatlashi juda muhim. Bu bizga zudlik bilan kerak», - dedi Sviridenko. 

Ukraina uch oydan ortiq vaqtdan beri tejamkorlik rejimida 

G‘arbning qo‘llab-quvvatlashi zaiflasha boshlagan sentabrdan beri Kiyev pulni tejash va xarajatlarga ustuvorlik berishni o‘zgartirishga harakat qilmoqda, deb yozadi FT. Ukraina hukumati banklar foyda solig‘ini 50 foizga oshirdi va mahalliy hukumatlardan 1,5 foizlik qo‘shimcha daromad solig‘i tushumini markazga o‘tkazdi. Ammo, vazirning so‘zlariga ko‘ra, budjet mablag‘ tanqisligiga duch kelgan. Dekabr oyida xalqaro donorlar va kreditorlar tomonidan va’da qilingan taxminan 5 milliard dollar ham xarajatlarni qoplash uchun «yetarli bo‘lmaydi». 

Davlat xarajatlarining keskin qisqarishi yoki inflatsiyaning oshishi Ukraina iqtisodiga putur yetkazishi va soliq bazasini zaiflashtirishi mumkin, bu esa mamlakatni xorijiy yordamga yanada qaram qilib qo‘yadi, deb yozadi FT. 2023 yilning 11 oyida Kiyev o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 4 milliard yevro ko‘proq soliq yig‘di, deya ta’kidladi Ukraina bosh vaziri o‘rinbosari. 

AQSh Kongressi Ukrainaga yordam masalasiga yanvargacha qaytmaydi 

AQSh Kongressi Ukrainaga yordam berish masalasiga faqat 2024 yilning yanvarida qaytadi. Bu haqda Senatdagi Demokratik partiya yetakchisi Chak Shumer va AQSh qonun chiqaruvchi organi yuqori palatasidagi respublikachilar ozchiligi yetakchisi Mitch Makkonellning 19 dekabr kuni e’lon qilingan qo‘shma bayonotida aytiladi. 

Siyosatchilarning ta’kidlashicha, muzokarachilar «rag‘batlantiruvchi o‘zgarishga erishdi», ammo «qiyin masalalar saqlanib qolmoqda». «Muzokarachilar dekabr va yanvar oylaridagi tanaffus paytida qattiq ishlaydi va bizning maqsadimiz qaytib kelishimiz bilanoq nimadir qilishdir», dedi Shumer jurnalistlarga. 

Oktyabr oyida AQSh prezidenti Jo Bayden Kongressga Ukraina, Isroil va Hind-Tinch okeani mintaqasidagi operatsiyalarni favqulodda moliyalashtirish uchun 106 milliard dollar bo‘yicha so‘rov yuborgan. Qonun chiqaruvchilar bu mablag‘ni ajratish bo‘yicha haligacha kelisha olmadi.

YeI Vengriyaning vetosini chetlab o‘tish rejasini tayyorlamoqda 

Yevropa Ittifoqi Budapesht bilan kelishuvga erishilmasa Vengriya vetosini chetlab o‘tib, Ukrainaga 2027 yilgacha 20 milliard yevro miqdorida makromoliyaviy yordam ajratish uchun «B rejasi»ni tayyorlamoqda. Bu haqda 27 dekabr kuni xabardor manbalarga tayanib, Financial Times xabar berdi. Ularga ko‘ra, zarur mablag‘lar kapital bozorlaridan qarz sifatida olinishi mumkin, bunda a’zo mamlakatlar YeI budjeti oldida ularni o‘z zimmasiga olishi kafolati talab etiladi.

Bunday sxema Vengriya qarshi chiqqan holat - Yevropa Ittifoqi budjetidan pul ajratishdan farqli o‘laroq, barcha YeI davlatlarining roziligini talab qilmaydi. Kafolatlar kredit reytingi yuqori bo‘lgan mamlakatlar tomonidan taqdim etilishi kerak, ularning ba’zilarida - masalan, Germaniya va Niderlandiyada bu - parlament roziligini talab qiladi. Biroq, Bryussel bu tartiblarni mart oyiga qadar yakunlashni rejalashtirmoqda - aynan mana shu muddat Kiyevga yordam berish uchun belgilangan. 

Vengriya iyun oyidan beri Yevropa Ittifoqining Kiyevga makromoliyaviy yordam ko‘rsatishga urinishlariga to‘sqinlik qilmoqda. Mamlakat bosh vaziri Viktor Orban, birinchidan, Ukrainadan unga ajratilgan mablag‘lar qanday sarflangani haqida hisobot berishni, ikkinchidan, Bryussel Vengriya sud tizimi mustaqilligiga shubha tufayli muzlatib qo‘ygan YeI yordamini blokdan chiqarishni talab qilmoqda. 

Mavzuga oid