Iqtisodiyot | 10:00 / 30.12.2023
15103
3 daqiqa o‘qiladi

Mikromoliya tashkilotlari islomiy moliyalashtirishga oid xizmatlar ko‘rsatishni boshlashi mumkin

Markaziy bankning "Mikromoliya tashkilotlari tomonidan islomiy moliyalashtirishga oid xizmatlarni ko‘rsatish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida"gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Foto: Kun.uz

Hujjat loyihasida aytilishicha, mikromoliya tashkiloti islomiy moliyalashtirishga oid xizmatlarni ko‘rsatishi uchun o‘zida shariat kengashini tashkil etishi lozim. Mazkur talabni bajarish o‘rniga mikromoliya tashkiloti kengash faoliyatini sohaga ixtisoslashgan uyushmalar yoki birlashmalar huzurida tashkil etiladigan va nizom bilan o‘rnatilgan talablarga mos keluvchi a’zolardan iborat bo‘lgan kengashga autsorsingga berishga haqli. Bunda mikromoliya tashkiloti autsorsing bilan bog‘liq tavakkalchiliklarni boshqarish uchun javobgar bo‘ladi.

Mikromoliya tashkiloti tomonidan islomiy moliyalashtirishga oid xizmatlar amaldagi qonunchilik hujjatlari talablari hamda kengash ko‘rsatmalariga rioya qilgan holda ko‘rsatilishi lozim.

Mikromoliya tashkiloti tomonidan islomiy moliyalashtirishga oid xizmatlarni ko‘rsatishda amaldagi qonunchilik hujjatlarida va islomiy moliyalashtirishga oid standartlarda taqiqlangan tovarlar savdosi bilan shug‘ullanish va faoliyat turlarini moliyalashtirish taqiqlanadi.

Mikromoliya tashkiloti o‘z mijozlariga islomiy moliyalashtirishga oid xizmatlarning o‘ziga xos xususiyatlari va ular bilan bog‘liq tavakkalchiliklar haqida tushuntirish berishlari shart.

Islomiy moliyalashtirishga oid xizmatlarni ko‘rsatishga oid shartnoma tuzishdan avval mikromoliya tashkiloti va mijoz o‘rtasida dastlabki shartnoma tuzilishi mumkin.

Dastlabki shartnomada mijoz tomonidan islomiy moliyalashtirishga oid xizmatlar bo‘yicha bo‘nak to‘lovi amalga oshirilishi nazarda tutilishi mumkin.

Mikromoliya tashkiloti tomonidan islomiy moliyalashtirishga oid xizmatlar bilan bir qatorda, “Nobank kredit tashkilotlari va mikromoliyalashtirish faoliyati to‘g‘risida”gi qonun 4-moddasining birinchi qismida belgilangan boshqa xizmatlar ham ko‘rsatilsa, ushbu mikromoliya tashkilotining islomiy moliyalashtirishga oid xizmatlar ko‘rsatish bilan bog‘liq faoliyati bo‘yicha buxgalteriya hisobi alohida yuritilishi lozim.

Mikromoliya tashkiloti tomonidan islomiy moliyalashtirishga oid xizmatlar ko‘rsatish doirasida tuziladigan shartnomalarning nizomda nazarda tutilmagan boshqa shartlari qonunchilikka va kengash ko‘rsatmalariga muvofiq belgilanadi.

Mikromoliya tashkiloti mijozdan to‘lovlarni kechiktirganligi uchun to‘lov undirsa, undirilgan to‘lovni alohida hisobvaraqda yuritishi va mijoz nomidan xayriya maqsadlariga yo‘naltirishi lozim.

Mavzuga oid