Jahon | 13:02 / 30.12.2023
5895
2 daqiqa o‘qiladi

Navalniy shtabining sobiq rahbari 9 yilga ozodlikdan mahrum etildi

Kseniya Fadeyeva «o‘z mansab mavqeyidan foydalangan holda ekstremistik hamjamiyat faoliyatini tashkil etishda» aybdor deb topildi. Jazo muddatiga qo‘shimcha ravishda u yarim million rubl jarimaga tortildi.

Foto: mizafadeevu / Telegram

Tomskning Sovetsk tuman sudi 29 dekabr, juma kuni yopiq eshiklar ortida o‘tkazilgan majlisda shahar dumasi deputati, ayni paytda muxolifatchi siyosatchi Navalniyning mahalliy shtabi koordinatori bo‘lgan Kseniya Fadeyevani 9 yilga ozodlikdan mahrum qildi. Bundan tashqari, Fadeyeva 500 ming rubl miqdorida jarimaga tortildi.

Navalniy shtabining sobiq rahbari o‘z mansab mavqeyidan foydalangan holda ekstremistik hamjamiyat faoliyatini tashkil etish va fuqarolarning shaxsi hamda huquqlarini buzuvchi notijorat tashkilot ishida ishtirok etishda aybdor deb topildi.

«Ushbu sud jarayonida sodir bo‘lganlarning adolatga aloqasi yo‘q. O‘tgan haftada bizni haqiqatdan ham masxara qilishdi. Himoya dalillarni taqdim etish bosqichida cheklab qo‘yildi, jinoyat protsessida tortishuv tamoyili qo‘pol ravishda buzildi. Ayblov tomoni bir necha oy, 25 dan ortiq sud majlislari davomida dalillarni taqdim etdi. Himoyaga esa dalil taqdim etish uchun to‘rt kun vaqt berildi», dedi Fadeyevaning himoya vakili «Mediazona»ga hukmdan keyin.

Fadeyevaga qarshi ish

Fadeyeva 2021 yilning dekabrida qo‘lga olingan. 2023 yil avgust oyida deputatning ishi ko‘rib chiqish uchun sudga yuborilgan. 2023 yil oktyabr oyining oxirida Fadeyevaning ehtiyot chorasi muayyan harakatlarni taqiqlashdan uy qamog‘iga o‘zgartirildi. 13 noyabr kuni esa sud uni davlat ayblovchisining iltimosiga binoan tergov izolyatoriga jo‘natdi. Prokuratura ayblanuvchining aybdor ekanini bildirdi va unga 10,5 yil muddatga umumiy tartibdagi koloniyani so‘radi. 

«Memorial» inson huquqlari jamiyati Fadeyevani siyosiy mahbus deb biladi. Ta’qibga uning Navalniyning shtabida ishlashi sabab bo‘lgan.

Mavzuga oid