Jahon | 13:41 / 02.01.2024
12938
2 daqiqa o‘qiladi

G‘azo: har oltinchi isroillik askar o‘z safdoshlari tomonidan o‘ldirilgan 

G‘azo sektorida operatsiya boshlanganidan beri halok bo‘lgan har oltinchi isroillik askar o‘z safdoshlari tomonidan o‘ldirilgan. Umuman olganda, 7 oktyabrda yangi mojaro boshlanganidan beri 500 dan ortiq isroillik askar halok bo‘lgan. 

Foto: Ohad Zwigenberg/AP/picture alliance

Isroil armiyasi (TsAHAL) 1 yanvar, dushanba kuni G‘azo sektorida quruqlikdagi operatsiya boshlanganidan beri halok bo‘lgan har olti isroillik askar safdoshlari tomonidan uyushtirilgan otishma yoki baxtsiz hodisa natijasida halok bo‘lganini tasdiqladi. 29 nafar isroillik askardan 18 nafari «o‘zinikilari o‘qi»dan, yana ikki nafari tasodifiy otishmalardan va yana to‘qqiz nafari o‘q-dorilarga ehtiyotsizlik bilan munosabatda bo‘lish oqibatida halok bo‘ldi, deya xabar beradi TsAHAL. 

Oktyabr oyi oxirida Isroilning G‘azo sektorida quruqlikdagi operatsiyasi boshlanganidan beri, Isroil harbiylari ma’lumotlariga ko‘ra, 172 askar halok bo‘lgan va to‘qqiz yuzdan ortiq askar yaralangan. 7 oktyabrda Falastin-Isroil mojarosining yangi kuchayishi boshlanganidan beri esa - 506 TsAHAL askari halok bo‘ldi. 

Isroil-Falastin mojarosi

7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.

HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan.

Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. 

Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 22 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.

Mavzuga oid