Jahon | 11:10 / 03.01.2024
13312
4 daqiqa o‘qiladi

Makron Isroilni Livandagi vaziyatni keskinlashtirmaslikka chaqirdi

HAMAS siyosiy byurosi rahbari o‘rinbosari Bayrut chekkasida sodir bo‘lgan portlashda halok bo‘lganidan so‘ng, «Hizbulloh» harakati qasos olish niyatida ekanini ma’lum qildi. Fransiya prezidenti Isroil harbiy mahkamasi a’zosi Gansga qo‘ng‘iroq qildi.

Foto: Bilal Hussein/AP Photo/picture alliance

HAMAS Falastin tashkiloti siyosiy byurosi rahbari o‘rinbosari Solih al-Aruriy halok bo‘lgan Bayrut chekkasidagi portlashdan so‘ng Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Isroilni «Livanda har qanday keskinlashtiruvchi xatti-harakatlardan tiyilishga» chaqirdi. Bu ma’lumot Yelisey saroyi matbuot xizmati tomonidan 2 yanvar, seshanba kuni kechqurun Fransiya davlati rahbari va Isroil harbiy mahkamasi a’zosi Beni Gansning telefon orqali muloqotidan so‘ng tarqatildi. 

Qayd etilishicha, Fransiya Isroil va HAMAS tashkiloti o‘rtasidagi to‘qnashuvga bevosita yoki bilvosita aloqador bo‘lgan mintaqadagi barcha ishtirokchilarga bunday vazminlikka chaqiriqlarni yetkazishni davom ettirish niyatida.

HAMAS siyosiy byurosi rahbari o‘rinbosarining o‘limi 

57 yoshli Solih al-Aruriy va uning ikki sherigi vafot etgani haqida avvalroq Al Arabiya arab telekanali xabar berib, Bayrut janubiy chekkasidagi Dahiyada Isroil dronining HAMAS qarorgohiga hujumi natijasida portlash sodir bo‘lganini bildirgan edi.

Al-Aruriy HAMAS iyerarxik tuzilmasidagi ikkinchi shaxs edi. Isroil uni Iordan daryosi G‘arbiy sohilidagi qator hujumlar tashkilotchisi va mintaqada HAMAS harbiy bo‘linmasi faoliyati uchun mas’ul deb hisoblagan. Uzoq vaqt davomida Isroil maxsus xizmatlari uni yo‘q qilish obekti sifatida ko‘rib chiqqan. HAMASning Isroilga hujumidan oldin bosh vazir Benyamin Netanyahu al-Aruriy «o‘zi va do‘stlari nima uchun yashirinishi kerakligini juda yaxshi bilishini» aytdi. 

Bayrut chekkasidagi Dahiya hududi Livanning «Hizbulloh» harakati tomonidan nazorat qilinadi. Portlashdan so‘ng uning jangchilari Isroildan o‘ch olish niyatida ekanini e’lon qilgan. Livan chegarasida Isroil Mudofaa kuchlari (TsAHAL) va «Hizbulloh» o‘rtasidagi otishmalar Isroilning Falastindagi operatsiyasi boshlanganidan so‘ng kuchaydi. 

Isroil-Falastin mojarosi

7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.

HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan.

Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. 

Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 22 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.

Mavzuga oid