Kelinining raqami orqali qudasining nogironlik nafaqasini o‘g‘irlagan qaynopa jazoga tortildi
Ijtimoiy tarmoqlarda kelinining plastik kartasidan 700 ming so‘m pulni yashirincha naqdlashtirib olgan qaynona 5 yilga ozodlikdan mahrum etilgani haqidagi xabarlar tarqaldi. Voqea aslida qanday bo‘lgan? Kun.uz holatga aniqlik kiritdi.
Tarqalgan xabarlarda 700 ming so‘m uchun qaynona Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi “b” bandi bilan aybli deb topilgani hamda unga nisbatan 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangani haqida gap boradi. Aslida voqea biroz boshqacha bo‘lgan.
2023 yil 23 mart kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona tuman sudida kelinining plastik kartasidagi pulni yashirin ravishda naqdlashtirib olgan qaynopa ishi ko‘rib chiqilgan.
Sud hukmida keltirilishicha, Farg‘ona tumanida yashovchi 42 yoshli G.T. 2023 yil 6 yanvar kuni keliniga (ukasining turmush o‘rtog‘i) tegishli bo‘lgan SIM-kartani o‘z telefoniga o‘rnatib, raqamga ulangan plastik kartadan pul o‘g‘irlagan. U 704 ming so‘m pulni klik ilovasi orqali boshqa tanishining kartasiga o‘tkazib, naqdlashtirib olgan hamda o‘z ehtiyojlariga ishlatib yuborgan.
Kelinning telefon raqamiga ulangan plastik karta aslida uning onasiga tegishli bo‘lgan, qaynopa kelinining pulini emas, uning onasiga to‘lab berilgan nogironlik nafaqasini o‘g‘irlagan.
Qaynopa Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘irlik) 3-qismi “b” bandi bilan aybli deb topilgan va unga nisbatan 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Ayblanuvchi Jinoyat kodeksining 72-moddasiga asosan shartli hukm qilingan va unga nisbatan 1 yil sinov muddati belgilangan.
Mavzuga oid
17:15 / 25.07.2024
Chorsudagi tilla do‘konida ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan o‘g‘irlik sodir etildi
14:51 / 08.07.2024
6 oyda 550 mlrd so‘mlik tabiiy gaz va elektr energiyasi o‘g‘irlandi - Energoinspeksiya
09:32 / 04.07.2024
Toshkentda soxta havola orqali fuqarolarning pullarini o‘zlashtirgan shaxs qo‘lga olindi
18:37 / 22.04.2024